AQSh Prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvga hozirlik ko’rarkan, yaqinda Moskvada bo’lib qaytgan respublikachi qonunchilar safar tafsilotlari haqida ma’lumot berdi. Senatorlardan biri Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlashga chaqirmoqda, biroq uning partiyadosh hamkasbi Rossiya hukumatini mafiyaga qiyosladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Trampning Putin bilan uchrashuvidan oldin uning safdoshlari Rossiyaga qay ko’z bilan qaramoqda?
Donald Tramp Putin bilan til topishishga umid qilmoqda. Uni yaxshi tanimayman, balki do’stlasharmiz, deydi u.
“Hozircha uni raqib deb ko’raman”, - dedi Tramp.
O’tgan hafta bir guruh qonunchilar bilan Moskvaga safar qilgan respublikachi senator Richard Shelbining aytishicha, rossiyalik rasmiylar bilan muloqot chog’ida ikki tomonlama muammolar muhokama etilgan.
“Munosabatlarimiz tarang bo’lsa-da, dushman bo’lgandan ko’ra raqobat qilganimiz yaxshiroq dedim ularga. Dunyo uchun ham shunisi ma’qul”, - dedi Shelbi.
Senator Jerri Moran Rossiyaning 2016-yil Amerika prezident saylovlariga aralashganini ham muhokama qildik, deydi.
"Biz ularga saylovimizga aralashgansizlar, ammo 2018 va 2020-yillarda bunday qila ko’rmanglar, aloqalar yaxshi bo’lishini istasangiz, bu ishlardan uzoqroq turganingiz ma’qul, dedik ularga”, - deydi qonunchi.
Ayrim tahlilchilar nazarida, odatda Rossiyaga qarshi keskin siyosat tarafdori bo’lgan respublikachilarning so’nggi paytda munosabati o’zgargan. Ular bu mamlakat bilan aloqani tiklamoqchi bo’lgan Trampni qo’llab-quvvatlay boshlagan.
“Respublikachilar Kongressdagi har ikki partiya qonunchilarining “Rossiya xulqini yaxshilamasa, unga qarshi qattiq turamiz” degan umumiy pozitsiyasidan chekinayotgay ko’rinadi”, - deydi “Atlantika Kengashi” eksperti Mark Simakovskiy.
Biroq boshqalar o’zgacha fikrda. Tramp bayonotlari Kongress siyosatiga ta’sir qilmaydi, deydi ular.
“AQSh Kongressidagi har ikki partiya qonunchilari Rossiya bilan yaqinlashish siyosatiga shubha bilan qaramoqda”, - deydi “Xeritij jamg’armasi” tahlilchisi Lyuk Koffi.
Prezident Trampning muxbirlarga aytishicha, uning Putin bilan uchrashuvi Bryussel va Londonda AQSh ittifoqchilari bilan uchrashuvlardan osonroq kechishi mumkin.