AQSh samolyotlari Liviyada "Islomiy davlat" jangarilarini o'qqa tutdi

  • Amerika Ovozi

Tunislik askarlar Liviya bilan chegarani qo'riqlamoqda. Chegara hududida "Islomiy davlat" jangarilari faol ekani aytiladi.

AQSh harbiy samolyotlari g'arbiy Liviyada joylashgan "Islomiy davlat" jangari guruhi manzillarini o'qqa tutgan. Tunis chegarasiga yaqin hududda ro'y bergan amaliyotda bir necha o'n jangari o'ldirilgani aytilmoqda.

Vashingtondagi mudofaa rasmiylarining aytishicha, amaliyotda terrorchi guruhning Tunisdagi xurujlarga aloqador Nuriddin Shushaniy o'ldirilgan. Halok bo'lganlar soni 40 ga yaqin bo'lib, ularning aksariyati "Islomiy davlat"ga mansub jangarilar ekani aytilmoqda.

Shu hafta boshida AQSh rahbari Barak Obama Liviyada "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi chora ko'rilishi haqida xabar bergan edi.

AQSh 2014-yildan beri Iroq va Suriyada katta hududlarni egallab, xalifalik e'lon qilgan "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi xalqaro koalitsiya doirasida kurashib kelmoqda.