Amerika askar qiz-o'g'lonlariga ta'zim qildi

  • Amerika Ovozi

Arlington milliy qabristonida har bir qabr yoniga mitti bayroq qadaldi

Prezident Barak Obama ayyom munosabati bilan urush faxriylari va ularning oilalariga minnatdorchilik bildirdi.

Davlat rahbari Vashington yaqinidagi Arlington milliy qabristoniga borib, noma’lum askarlar memoriali poyiga gulchambar qo’ydi. Bu yodgorlik Amerika qurolli kuchlari safida xizmat qilgan, ammo shaxsi noma’lum qolgan zobitlar sharafiga buyod etilgan.

Mozordagi jamiki qabrlar ustida, qariyb 260 ming oq tosh yonida kichkina bayroqni ko’rish mumkin. Marhumlarni xotirlagan odamlar qabrlarga gul qo’yib ketmoqda.

Ilk bor bu sana 1868-yilda mazkur qabristonda yodga olingan. Undan uch yil oldin Fuqarolik urushi (1861-1865-yillar) 600 000 dan ziyod odamning yostig’ini quritgan edi. Hozirda Xotira kuni har yili may oyining oxirgi dushanbasi nishonlanadi.

Kun davomida prezident Obama Vyetnam urushi (1955-1975-yillar) faxriylari memorialida bo’ladi.

Vatan uchun jonini bergan qiz-o’g’illarni eslash imkoni, uyga sog’-omon qaytganlarni ardoqlashimizni namoyish etish imkoni bu, dedi prezident.

AQShning Afg’onistondagi kuchlari qo’mondoni, general Jon Allen Kobulda 2001-yildan beri umri xazon bo’lgan barcha askarlarni xotirlash marosimiga bosh bo’ldi. iCasualties.org mustaqil monitoring saytining hisobicha, Iroq va Afg’onistondagi urushlar amerikalik 6500 harbiyni hayotdan olib ketgan.

Yakshanba kuni yuz minglab motosiklchilar poytaxt Vashington ko’chalaridan o’tib, armiyani sharafladi.