May oyining so’nggi dushanbasi, bu safar 30-may, Amerikada Xotira kuni. Jang maydonida halok bo’lgan harbiylar yodga olinmoqda.
Poytaxt Vashington yaqinidagi Arlington milliy qabristonida bu kun ayniqsa ko’p ziyoratchilar yig'iladi. An'anaga ko'ra, Prezident Barak Obama vatan himoyasi yo'lida jonini fido qilgan o'g'il-qizlarga tahsin aytib, nutq so'zladi.
Arlington qabristonida 230 mingdan ziyod harbiylar, davlat arboblari, faxriylar dafn etilgan. 1948-yildan beri har bir qabr boshiga bayroq qo’yish an’anaga aylangan.
“Bu bilan qurbonlar ruhini shod qilgan bo'lamiz”, - deydi serjant Marisol Rayli.
“Har bitta bayroqni marmar toshga qo’yib, marhumlarning fidoiyliklariga “chest” beramiz”, - deydi yana bir serjant Shon Xokso.
Ayrimlar uzoq o’tmishda halok bo’lganlarni eslasa, boshqalar qurbon bo’lgan do’stlari va oila a’zolarini xotirlaydi.
“Bu qabristonda do’stlarim, rahbarlarim, urushda yelkama-yelka jang qilgan safdoshlarim yotibdi. Ularning qabrlari yoniga bayroq qo’yish men uchun sharaflidir, chunki ular men uchun ham jon berganlar”, - deydi serjant Alisha Foy.
Prezident Obama harbiy va faxriylarni Oq uyga nonushtaga taklif etdi. So’ng Arlington qabristonini ziyorat qilib, Noma’lum askar qabri poyiga gulchambar qo’ydi.
Xotira kuniga bag'ishlangan konsert: