Meksika Trampning uyushgan jinoyatchilikka qarshi urush taklifini rad etdi

  • Amerika Ovozi

Meksika Prezidenti Andres Obrador Donald Trampning uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish da’vatini olqishlamadi. Meksika shimolida amerikalik oilaning to’qqiz a’zosi o’ldirilishi ketidan AQSh rahbari Meksikaga narkokartellarga qarshi kurashda yordam taklif etgan. Obrador Meksika bu ishni mustaqil tergov qilishini aytib, jinoyatchilarni qurol bilan ta’qib etish g’oyasini inkor etdi.

Meksikaning ikki shtati o’rtasida sodir bo’lgan jinoyatda ayollar va bolalar nobud bo’lgan. Ularga qoradori savdosi bilan shug’ullanuvchi guruhlar hujum qilgan. Trampning “Twitter” orqali Meksika rahbariga murojaat qilishicha, narkokartellar kuchayib ketgan, AQSh ularga qarshi kurashda Meksikaga yordam berishi mumkin.

Biroq Obradorning aytishicha, jinoiy guruhlar muammosini yolg’iz qurol bilan hal qilib bo’lmaydi.

Meksika hukumati uyushgan jinoyatchilikka qarshi anchadan beri kurashib keladi. Guruhlar politsiyadan kuchayib ketganidan so’ng hukumat armiyani ishga soldi. Shunga qaramay, jinoyat ko’lami kamaymadi.

So’nggi 12 yilda Meksikada salkam chorak million qotillik sodir etilgan. Aksariyati raqib kartellar orasidagi urushlar bilan bog’liq. Ichki ishlar vaziri Alfonso Duraso nobud bo’lgan amerikalik oila ikki jinoiy to’da o’rtasidagi urush qurboni bo’lganini taxmin qildi.

“Amerikaliklarni yo’lda tashib ketayotgan ikkita mikroavtobus kartelga qarashli deb taxmin qilingan bo’lishi mumkin”, - dedi vazir.

Kartellar Meksikani hududlarga bo’lib olib, nazorat qilmoqda. Mahalliy politsiya ular bilan til biriktirgani haqida taxminlar ham bor. Markaziy hukumat bu to’dalar oldida ojiz.

“Meksika bilan aloqalarimiz yaxshi. Biroq chegaramizning narigi tomonidagi zo’ravonliklar va jinoyatlar bizni va, o’ylaymanki, Meksika hukumatini ham xavotirga solmoqda. Mexikoning ko’p yillik harakatlariga qaramay, muammo hamon dolzarb, hatto kuchaymoqda. Prezident Tramp Meksikaga yordam taklif etgan va men uni bu masalada qo’llab-quvvatlayman”, - dedi yutalik respublikachi senator Mitt Romni.

Meksika prezidenti mamlakat suverenitetini saqlagan holda Tramp bilan bu borada hamkorlik xususida gaplashmoqchi.