Isroil va Falastin Ozodlik Tashkiloti o’rtasida Oslo tinchlik bitimi imzolanganiga 25 yil to’ldi. O’shanda Yaqin Sharq mojarosiga tez yechim topiladi deya umid qilingan edi, ammo chorak asr o’tib, Falastin hali ham o’z davlatiga ega emas, ikki tomon ixtilofiga barham berilgani yo’q, tinchlik, aksincha, olislashgan ko’rinadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Falastin rahbariyati Tramp ma’muriyatini vositachi sifatida ortiq ko’rmaydi, unga ishonchini yo’qotgan.
1993-yilda Isroil Bosh vaziri Is’hoq Rabin va Falastin raisi Yosir Arofat Norvegiyada tinchlik bitimini imzolab, hamkorlikka yo’l ochdi, keng qamrovli shartnomaga erishishda AQShdan o’rtaga tushib, yordam so’rashgan.
O’shandan 25 yil o’tib, Tramp ma’muriyati Isroilni bu masalada qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda, ammo Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olib hamda AQSh elchixonasini bu shaharga ko’chirib, Vashington falastinliklarni o’zidan sovitdi.
Tramp ma’muriyati BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi idorasiga pulni kesib, arablarni muzokara stoliga qaytarmoqchi bo’ldimi? Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyertning aytishicha, AQSh o’zgacha yondashuvni ishga solmoqda.
"Shu paytgacha oldingi usullar ish bermadi. Endi boshqa siyosatni qo’llayapmiz. Mintaqadagi mutaxassislarimiz bu borada ko’p mehnat qilmoqda. Natija chiqishidan umidvormiz”, - dedi u.
Trampning kuyovi Jared Kushner nazarida, Amerikaning falastinliklarga qarshi choralari tinchlik rejasiga putur yetkazgani yo’q. Kushner Tramp ma’muriyatida Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga javob beradi.
Biroq vashingtonlik tahlilchi Natan Saksning aytishicha, Oq uy Quddus masalasida Isroil iltimosini qondirib, BMT agentligiga moliyaviy yordamni to’xtatib, arablar bilan konstruktiv muloqot uchun imkoniyatni yo’qotdi.
Tramp ma’muriyati Yaqin Sharq tinchlik rejasi deyarli tayyor ekanini, yaqin orada e’lon qilinishini ta’kidlamoqda.
“Rejaning bir qismini arab liderlari sovuq qarshiladi. Ba’zi fikrlarga ko’ra, Iordaniya uni tayyorlashda ishtirok etgan, ammo ularning o’zi buni rad etmoqda”, - deydi Brukings instituti eksperti.
Bu o’rtada mintaqa aholisining tinchlikka bo’lgan umidlari so’nib bormoqda.