Qurg'oqchilik Mississippi daryosidagi biznesga ta'sir qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Mississippi AQShdagi eng uzun va qishloq xo’jaligi uchun muhim daryo sanaladi. Ammo qurg’oqchilik sabab bu yili daryoda suv sathi ancha past. Yuk tashuvchi kemalarga AQSh armiyasi muhandislar korpusi yordamlashmoqda.

Qo’shma Shtatlarda jazirama issiq davom etayapti. Mississippi daryosida yomg’irsiz yana bir kun…

AQSh armiyasi muhandislar korpusiga qarashli kema kapitani Terri Beket tashvish bilan gapiradi.

“Qirg’oqqa qarang-a. Suv sathi o’tgan yilga qaraganda 5-7 metrga pasaygan. Avval bu qum joylarni ko’rolmasdingiz”.

O’tgan yili yog’ingarchilik sababli hatto toshqinlar kuzatilgan edi. Hozir manzara boshqacha. Odatda suv ostida bo’lgan eski kemalarni tomosha qilish mumkin.

“Suv kam, ahvol yomon, lekin noumid shayton deydilar. Bizneslar yukni kamaytirib, ishni davom ettiraveradi,” - deydi Beket.

Bu yerda yetishtiriladigan makkajo’xori, soya va bug’doy boshqa shtatlar-u mamlakatlarga yetkaziladi. AQShdan eksport qilinadigan donning 60 foizi daryo va dengizlar orqali tashiladi. Suv kamligi jiddiy zarar keltirishi mumkin.

“Fermerlar uchun bu daromadbop biznes. Mahsulotini sota olmayotgan dehqonlarga qiyin. Daryo orqali boshqa tovarlar ham olib o’tiladi. Faqat don emas, kimyoviy moddalar, ko’mir va ko’plab boshqa mahsulotlar ham tashiladi”.

Jeysen Braun Armiya korpusida gidravlika bo’yicha muhandis. Kemalar uchun suv chuqurligi kamida 3 metr va kengligi 91 metr bo’lishi kerak, deydi u.

“Meteorologlarning aytishicha, ob-havo bundan ham issiqroq, quruqroq bo’larmish. Shu sababli transport sanoati, qirg’oq xavfsizligi xizmati, muhandislar, turli agentliklar yaqindan hamkorlik qilishiga to’g’ri keladi”.

Kapitan Beket va uning komandasiga topshirilgan vazifa - suv ostidagi xatarni, sayoz joylarni aniqlab berishdir.

“Suv ostini tekshiramiz, axlatdan tozalab chuqurlashtiramiz. Agar buning iloji bo’lmasa, belgilar o’rnatib chiqamiz. Suv sathi pasaygan sari bunday sayoz joylar ko’payaveradi, albatta”.

Your browser doesn’t support HTML5

Mississippi daryosida qurg'oqchilik/Shohruh Hamro



Suv sathi pasayar ekan, kemalar kamroq yuk tashishga majbur, deydi AQSh armiyasi muhandislar korpusi vakili Rassel Errett.

“…demak, ular uchun daromad kamayadi, xarajatlar esa ancha oshadi.”

Muammolarga qaramay, Mississippi daryosi yuk tashishning eng qulay yo’lidir. Biznes uchun yopilmasa bo’lgani.