Amerikada yashaydigan fuqaro musulmonlar soni voyaga yetgan aholining bir foizidan ham kamroq bo'lsa-da, siyosiy tahlilchilarga ko’ra, musulmon saylovchilar ovozi Florida, Ogayo, Virjiniya va Pensilvaniya kabi shtatlarda katta rol o’ynaydi.
Janubiy Kaliforniyadagi eng katta islomiy markazda bir ko’ngilli juma namoziga keladiganlarni saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tishga undamoqda.
Markaz raisi Farid Faruxiyni ta’limdan tortib iqlim o’zgarishigacha – turli masalalar tashvishlantiradi. Biznes asoslaridan dars beradigan professor Asad Shafiqni esa irqiy tengsizlik va daromaddagi farqning kattalashayotgani o'ylantiradi.
Bu masalalardan ham muhimrog’i musulmonlarning kampaniya nishoniga aylangani.
Qo’rquv soladigan bayonotlar
Yana bir masjid rahbari, tish doktori Ahmad Saboh amerikalik musulmonlar siyosiy jihatdan xilma-xil, degan fikrda. Biroq bir narsada yakdil: ular islom va musulmonlar haqidagi salbiy fikrlar va nomzodlarning saylovchilarni qo’rquvga solayotgan bayonotlaridan charchagan, deydi u.
“Bu bizning hayotimizga ta’sir qilyapti. Ishda, maktabda, bozor qilishga borganimizda, ko’chada yurganimizda. Odamlar bizga boshqacha qaraydigan bo’lib qoldi,” - deydi Saboh Donald Tramp va Ben Karsonning musulmonlar haqidagi bayonotlari xususida.
Masjid qoshidagi maktab direktori Leyla Dakelbabning aytishicha, o’quvchilar dunyoning 32 mamlakati vakillari.
“Ularni birlashtiradigan yagona narsa – ba’rining musulmonligi. Biroq hammamiz demokratiya, erkinlik va barcha odamlar va fuqarolar ozodligiga ishonamiz”, - deydi u.
Ovoz berish
Los-Anjelesning Isloh akademiyasi nomli yana bir islomiy maktabida o’quvchilar arab tilini o’rganadi, fuqarolik darslari ham bor. Direktor Aziza Ali-Regan bu bolalarda liderlik qobiliyatini kuchaytirishini aytadi.
Amerika musulmonlarining uchdan ikki qismi - muhojirlar.
“Biz fuqarolikni tanlaganmiz”, - deydi iordaniyalik Haytam Bundakji. U ko’chmas mulkka sarmoya kiritadi.
“Biz bu yerda bo’lishni o’zimiz istaganmiz, jamiyat, mamlakatga xizmat qilamiz, deganmiz. Bu biz uchun katta imkoniyatlarga yo’l ochdi”, - deydi u.
Musulmonlar afro-amerikaliklar orasida katta ta’sirga ega. Los-Anjeles markazi yaqinida faol Umar Hakim Donald Tramp gaplaridan xavotirda. Musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat kuchaymoqda, deydi u.
“Bu yil saylovchilarning ovoz berishi ustida ishlaymiz. Amerikada saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tgan musulmonlar ko’paysin. Biz ham saylovda o’z fikrimizni bildiraylik”, - deydi u.
Hindistonda tug’ilgan Farid Faruxiy barcha nomzodlar musulmonlarni yakkalamay, jamiyatning bir qismi sifatida ko’rishini istaydi.
“Barchamizni Alloh yaratgan. Insoniyat – bir oila. Birovni sen boshqachasan deyish jamiyatdan ajratib qo’yish degani. Bu Amerika ideallariga to’g’ri kelmaydi”, - deydi u.
Ta’siri katta shtatlar
Janubiy Kaliforniyadan siyosiy tahlilchi Dan Shnurning aytishicha, ko’pgina amerikaliklar musulmonlarga shubha bilan qaraydi. Ammo eng zo’r amerikalik liderlar “kuchli fikrga va terrorchilar faoliyatini to’xtatish xususida aqlli rejaga ega. Ular AQSh va boshqa o’lkalardagi aksariyat musulmonlar tinchliksevar odamlar ekani va terrorchilarni ma’qullamasligini yaxshi tushunadi va boshqalarga tushuntiradi, deydi u va bunday liderlar kamayib ketganini e’tirof etadi.
So’nggi prezident saylvolarida musulmonlarning 85 foizdan ko’proq qismi demokrat Barak Obama uchun ovoz bergan.
Shuning uchun muhim shtatlarda musulmon saylovchilarning saylovdagi ishtiroki katta ahamiyat kasb etadi, deydi Dan Shnur. Yutaman degan nomzod musulmonlarni o’z tarafiga og'dirishga harakat qilishi kerak.
Nufuzli “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markaziga ko’ra, 2020-yilga borib amerikalik musulmonlar yahudiylardan ko’proq bo’ladi va aholining 2 foiziga yetadi.