Nyu-York ahliga shukur qilishni o’rgatayotgan shaman

  • Amerika Ovozi

Xezus Agiyar asli Perudan. Ona zamin ne'matlariga shukur qilib yashash kerak, ularni asrab-avaylash lozim, deydi u.

Nyu-York shu qadar antiqa shaharki uni Amerika ichidagi alohida bir mamlakat deb atashadi. Aksariyat nyu-yorkliklar nasroniy, musulmon yoki yahudiy. Biroq boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchi odamlar ko’p. Ayrimlar Amerikada azaldan yashab kelgan hindu qabilalar madaniyatini muqaddas deb biladi. “Amerika Ovozi” yaqinda “despacho” deb nomlangan bir marosimni kuzatdi.

Nyu-Yorkning Manxetten tumanidamiz. Inka qabilasining qadim urf-odatlarini ko’rishga kelganlar ko’p. Ba’zilar uchun u chuqur ruhiy mazmunga ega, boshqalar esa shunchaki qiziqib kelgan. Despacho deb nomlangan marosimni perulik shaman Xezus Agiyar o’tkazyapti.

U amerikalik ayolga uylanib Nyu-Yorkka ko’chib kelgan. Peru va Amerika ikki turli dunyo, deydi u, lekin ularni bir-biridan ajratib bo’lmaydi.

“Ona Yer - hammamizning vatanimiz. Dunyoning qaysi qismida bo’lmang, qalbingizda muqaddas tushunchalar abadiy saqlanadi. Gul va daraxtlarda ham, suvda ham saqlanadi. Hamma narsa muqaddas. Hatto beton, uyali telefonlar ham. Hammasi Ona Yerda yaratilgan”.

Despacho marosimi bundan bir necha ming yil oldin paydo bo’lgan. Uning maqsadi – insoniyat, tabiat va ruhiy dunyo o’rtasida muvozanat o’rnatish.

Agiyar Ona Yer uchun sovg’a tayyorlamoqda. Inkalarning qadimgi “kecha” tilida yer Pachamama deb ataladi. Marosim ishtirokchilari Ona Yerdan ham tuhfa so’rashi mumkin.

Despacho marosimida makkajo’xori to’q qorinni, pul boylikni, paxta esa bulut va yomg’irni anglatadi. Ularni Ona Yerga taqdim etish zarur.

“Chunki Yerimiz biz uchun muqaddas. U bizga noz-ne’matlar beradi. Biz buni qaytarishimiz kerak”.

Agiyar ishtirokchilarga kintus deb nomlangan barglar tarqatadi. Muhabbat va go’zallik timsoli. Barglarga qarab ibodat qiling, deydi u.

“Birodarlar, opa-singillar, bu bargni uchinchi ko’z oldiga tutib, o’z niyatlarimiz haqida o’ylaymiz. Biz nima xohlaymiz? Nimaga muhtojmiz? Nima uchun minnatdor bo’lishimiz kerak? Nimani unutishimiz zarur? Har bir odamning niyat va ishtiyoqlari bo’ladi, ular bir-biridan farq qiladi. Istaganingizni so’rang”.

Xillari Vebb shamanizm bo’yicha mutaxassis, qadimgi inkalar an’analarini yaxshi biladi.

“Kintusni oladigan bo’lsak, bu bargni labingizga qo’yasiz. Nafasingiz hayot kuch-quvvati hisoblanadi. Ibodat paytida bu quvvat tanadan bargga o’tadi, keyin u muqaddas kuchga aylanadi. Uni boshqalar bilan, do’stu-birodarlaringiz bilan o’rtoqlashsangiz bo’ladi”.

Marosim ishtirokchilari bunga ishonib, shaman aytganlarini qilyapti.

“Har kuni nimadir istaymiz, nimagadir intilamiz. Bu yerga yig’ilib, buni bayon etdik, xolos,” - deydi bir ayol.

“Hammamiz xursandchilik va ezgulikni, baxt va iboni bir-birimiz bilan o’rtoqlashgandekmiz. Menga bu juda yoqdi.” - deydi yana bir mehmon.

“Bu telba dunyoda bir daqiqaga to’xtab, hayot va uning ne’matlari uchun shukur qilish kerak,” - hulosasi bilan o'rtoqlashadi yana bir ayol.

Marosim so’ngida shaman o’zi ishlatgan barcha narsalarni olovga tashlaydi. Alanga va uning tutuni ham Ona Yerga tuhfa, deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-York ahliga shukur qilishni o'rgatayotgan shaman/Navbahor Imamova


http://www.youtube.com/embed/3qWOcl3q0R4