AQSh-Shimoliy Koreya liderlari sammiti qoldirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, uning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan iyun oyiga rejalangan uchrashuvi qoldirilishi mumkin.

Tramp bu haqda Oq uyda Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In bilan muloqot chog’ida ma’lum qildi.

“Uchrashuv bo’lmasligi ehtimoli bor. Men ham, Shimoliy Koreya rahbari ham vaqtimizning zoye ketishini istamaymiz. Balki keyinchalik uchrashib qolarmiz. Ammo 12-iyunda bo’lmasligi mumkin”, - deydi Tramp.

Uning aytishicha, uchrashuv bo’lishi uchun AQSh ayrim talablarni olg’a surgan, biroq Tramp talablar nimadan iborat ekanini aytmadi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning bildirishicha, Amerika tomoni oliy darajadagi muloqotni 12-iyunda o’tkazishga harakat qilmoqda.

“Kim Chen Un Tramp bilan uchrashishni xohladi, Prezident Tramp rozi bo’ldi. Muloqot kuni va joyini belgiladik. Rejadan hozircha qaytganimiz yo’q. Har ikki tomon muhokama mavzusi haqida ravshan tasavvurga ega bo’lishi kerak. Hozircha bundan umidvorman”, - dedi Pompeo.

AQSh Pxenyandan atom dasturidan bir tomonlama voz kechishni talab qilmoqda. Shimoliy Koreya bu talabni qabul qilmoqchi emas, shu sabab Tramp bilan uchrashuvni bekor qilishi mumkinligiga ishora qilgan.

Bu o'rtada janubiy koreyalik sakkiz nafar jurnalistga qo’shni mamlakatda yadro poligonini yig’ishtirishni yoritish uchun Shimoliy Koreyaga kirishga eng so’nggi daqiqada ruxsat berildi.

Jarayonni AQSh, Britaniya, Xitoy va Rossiya muxbirlari ham kuzatadi. Tog’li hududda joylashgan Pungeri poligonida yadro qurollari sinalgan. Shu kungacha Pxenyan olti bor yadro sinovini o’tkazgan bo’lsa, barchasi shu poligonda ro’y bergan.

Shimoliy Koreya poligonni tekislash haqida Kim Chen Un va Donald Tramp o’rtasida 12-iyunga rejalangan uchrashuvdan oldin e’lon qildi. Ammo ikki tomon kelishmovchiligi sabab sammit savol ostida qolmoqda.