AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Vashington Shimoliy Koreya bilan muloqotga tayyor ekanini aytmoqda.
Kommunistik davlat rahbari Kim Chen Un Tinch okeanida AQShga qarashli Guam oroli tomon raketa otish rejasidan vaqtincha qaytganidan so’ng ikki mamlakat o’rtasida to’qnashuv ehtimoli va keskinlik bir oz tushdi.
Tillersonga ko’ra, keyingi qadamni Koreya rahbari tashlashi kerak.
“Muloqot qilish yo’llarini izlayapmiz, u ham bir qarorga kelishi kerak”, - dedi Amerika davlat kotibi.
Qo’shma Shtatlarga ko’ra, agar Pxenyan muzokara qilmoqchi bo’lsa, avval ballistik raketalari va yadro qurollari sinovlarini bas qilishi zarur.
“Shimoliy Koreya jiddiy qadamlar qo’yishi, Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirish niyati samimiy ekanini ko’rsatishi kerak”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyert.
Vaziyat keskinlashsa, Qo’shma Shtatlar harbiy kuch qo’llashga tayyor. AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis bu haqda shu hafta bildirgan. Tahlilchilar ziddiyatni yumshatish uchun diplomatiyani ishga solish, Xitoyni bu jarayonga jalb qilish lozim, deydi.
“Gap, asosan, pulda. Xitoy Shimoliy Koreya iqtisodiyotining 90-95 foizini nazorat qiladi. Ikki mamlakat o’rtasida umumiy chegara bor. Xitoy okean va atrofdagi dengizni nazorat qiladi. Istasa, Shimoliy Koreyani bir pasda o’yindan chiqarishi mumkin”, - deydi NATO sobiq qo’mondoni admiral Jeyms Stavridis.
Odatda Pxenyanni himoya qilib kelgan Pekinning so’nggi paytlarda Shimoliy Koreyaga munosabati o’zgargan. Yaqinda BMT Xavfsizlik Kengashida Pxenyanga qarshi rezolyutsiya ovozga qo’yilganida Xitoy qarshilik bildirmadi.