Afg'onistonda AQSh generali o'ldirilgan

  • Amerika Ovozi

Afg'on askari Britaniya harbiy inshootini qo'riqlayapti. Kobul, 5-avgust, 2014-yil.

Afg'on harbiy kiyimida bo'lgan noma'lum shaxs xalqaro kuchlar vakillariga o'q uzgani ma'lum. O'lganlardan biri AQSh generali Xarold Grin (Harold Greene) ekani aytilmoqda.

Bu 2001-yilda Amerika qo'shinlari Afg'onistonga kirganidan beri o'lgan eng yuqori martabali AQSh harbiysidir. Kobuldagi Xalqaro kuchlar qo'mondonligi yuz bergan hodisani tasdiqlagan.

Hodisa Kobuldagi Marshal Fahim Milliy mudofaa universitetida ro'y bergan. Otishmada, shuningdek, 15 xalqaro askar, jumladan, amerikaliklar yaralangan. Jarohatlanganlar orasida yuqori martabali Germaniya ofitseri va ikki afg'on generali ham bor.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi xabariga ko'ra, hujumni uyushtirgan shaxs otishmada o'ldirilgan.

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay voqeani keskin qoralab, halok bo'lgan va jarohatlanganlarning yaqinlariga o'z hamdardligini bildirgan.

Bugungi kunda Afg'onistonda 30,600 AQSh askari faoliyat yuritmoqda. Ittifoqdosh mamlakatlardan esa yana 17,100 askar xizmatda. Afg'oniston armiyasi esa 335,000 doimiy askarga ega.

So'nggi yillarda Afg'on armiyasi ichidan turib xalqaro kuchlarga hujum uyushtirish holatlari ko'paygan. Bu hujumlar uchun mas'uliyatni Tolibon o'z zimmasiga olib keladi, ammo ularning aksariyati askarlar o'rtasidagi shaxsiy va madaniy kelishmovchiliklar natijasida ro'y berishi aytiladi.

Afg'oniston, xalqaro koalitsiya va Tolibon