Olimpiyachilar uchun Xitoyda tikilgan kiyim-bosh janjalga sabab bo’ldi

  • Amerika Ovozi
Amerika Olimpiya jamoasi uchun tikilgan kiyim-bosh Xitoyda ishlangani katta bahsga sabab bo’lmoqda. Biroq iqtisodchilar masalaga tor qaramaslik kerak, deydi.



“Qo’shma Shtatlardagi bozor rastalarida sotilayotgan mahsulotning 97 foizi chet elda ishlab chiqarilgan”, - deydi Jorjtaun Universiteti professori Pietra Rivoli, chunki jarayon xorijda arzonroqqa tushadi.

Londondagi xalqaro musobaqada Amerika sportchilari Xitoyda tikilgan liboslarni kiyishi “vatanparvarlik nima bo’ladi, og’ir iqtisodiy sharoitda ichki bozorni qo’llab-quvvatlash kerak-ku” kabi da’vatlarga turtki bergan.

AQSh Senatida demokratlar sardori Garri Rid nazarida bu kiyimlarni bir joyga to’plab yoqib yuborish kerak.

Olimpiya qo’mitasining bildirishicha, hozir biror o’zgarish qilish uchun kech bo’ldi, biroq 2014-yilgi Qishki Olimpiya o’yinlarida ust-bosh Amerikada tikiladi. Kongress bu talabni o’z ichiga olgan qonun loyihasi ustida ish boshladi.

Bu orada, Londonda o’tadigan Olimpiya o’yinlarida xavfsizlik uchun mas’ul xususiy kompaniya yetarli xodim yollashni uddalay olmagani uchun Olimpiya qo’mitasidan kechirim so’ramoqda.

Qo’riqchilarni va hujjatlarni tayyorlashga ulgurmayapmiz, deydi G4S firmasi rasmiylari. Britaniya kamchilikni qoplash uchun o’z hisobidan 3,500 politsiyachi safarbar etishga tayyor.

Musobaqalar ikki haftadan keyin, 27-iyulda boshlanadi. Britaniya shu munosabat bilan xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirgan.