Amerika Kinoakademiyasi Prezidenti Sheril Bun Ayzaks ikki yildan beri Oskar mukofotiga faqat oq tanli aktyorlar nomzodi qo’yilayotgani yuzasidan bayonot berdi.
U afro-amerikaliklar va boshqa ozchilik guruhlar bu mukofotga loyiq deb topilmaganidan xavotir va afsus bildiradi. Bayonotdan bir kun oldin qora tanli kino yulduzi Jada Pinket-Smit va rejissor Spayk Li Oskar marosimini boykot qilajagini aytgan edi.
Ayzaks “katta o’zgarishlar vaqti keldi” deb, Kinoakademiya a’zolari jiddiy choralar ko’rayotganini aydi.
2012-yil fevral oyida “Los-Anjeles Tayms” gazetasi o’tkazgan so’rovga ko’ra, akademiya a’zolarining 94 foizi – oq tanli, 77 foizi – erkaklar, 86 foizi – yoshi 50 dan oshganlar.
Akademiyaning qora tanli a’zosi, Amerika universiteti professori Rassel Uilyams mukofotga ikki marta, 1989 va 1990-yillarda sazovor bo’lgan. Uning aytishicha, oq tanli a’zolarning hammasini irqchi deyish noto’g’ri. “Axir, men ham qora tanli bo’la turib, Oskarga loyiq deb topilganman-ku”, - deydi u.
Gollivuddagi muhit
Ammo Uilyamsning e’tirof etishicha, akademiya o’zgarishlarga muhtoj. Biroq bu mushkul vazifa, chunki uning a’zolari bir umrga tanlanadi. Ular nihoyatda tajribali, obro’li va mashhur odamlar, odatda mukofot sovrindorlari.
Bugun Amerika Kinoakademiyasiga 6000 odam a’zo, ular bir-biridan mustaqil ravishda ovoz beradi.
“Bu katta demokratik tashkilot”, - deydi Rassel Uilyams.
Uning fikricha, muammo Gollivudda oz sonli guruhlarga mansub aktyorlar ishtirokidagi filmlarning kamligida. Bunday filmlarga ko’p odam tushmasligi ham rost. Odam tushmasa, mazkur kartinalar uchun moliya ham ajratilmaydi.
Gap – mulla jiringda
Oskarni yutish siyosiy kampaniyaga o’xshaydi. Ayrim manbalarga ko’ra, nomzod bo’lib tanlanish uchungina qariyb ikki million dollar sarflash kerak. Akademiyaning barcha a’zosiga, Aktyorlar gildiyasi, Rejissyorlar gildiyasi a’zolariga DVD yuborish, reklama va vebsaytlar yaratish va tarqatish lozim. Kichik byudjetli filmlarning bunga qurbi yetmaydi.
Jada Pinket-Smit va Spayk Lining marosimni boykot qilish haqidagi bayonoti akademiya obro’siga putur yetkazishi mumkin, deydi Rassel Uilyams. Bundan keyin qanday o’zgarishlar yuz beradi, buni vaqt ko’rsatadi, qo’shimcha qiladi u.
Jada Pinket-Smitning qarorini ayrim qora tanli aktyorlar tanqid qilmoqda. Masalan, Janet Hyubert buning ortidagi sabab Pinket-Smitning turmush o’rtog’i Uill Smit Oskarga nomzod etib tanlanmaganida, deydi.
Uilyams esa oq tanli bo’lmagan nomzodlar ko’payishi uchun bunday aktyorlar ishtirokida filmlar soni oshishi kerak, deydi. Aks holda, mukofotni oq tanlilar olaveradi.
“Axir, bu soha bekorga shou-biznes deb atalmaydi. Hamma gap biznesda, hamma gap pulda. Oq tanli aktyorga pul tikadiganlar ko’proq, chunki bunday aktyor ishtirokidagi filmga ko’proq odam tushadi, demak daromad ham kattaroq bo’ladi. Har holda bu yil oq tanli aktyorlar omadi chopgan”, - deydi u.