AQSh, Yaponiya va Tinch okeani bo'yidagi yana 10 davlat bir necha yillik muzokaralardan so'ng erkin savdo bitimiga kelishib oldi. Kuzatuvchilarga ko'ra, shartnoma savdo cheklovlarini kamaytirishga, umumiy qoidalarni o'rnatishga qaratilgan.
Tomonlar bitim bo'yicha yetti yil muzokara qilib, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, avtomobillar, so'nggi texnologik moslamalar, zamonaviy dorilar va boshqa mahsulotlar savdosiga qo'yilgan cheklovlar bo'yicha barcha kelishmovchiliklarni bartaraf etishga muvaffaq bo'ldi.
AQShning Atlanta shahrida imzolangan bitimni endi 12 davlat parlamentlari ratifikatsiya qilishi kerak.
Mamlakatlar muzokaralar davomida o'z mahsulotlarini import mollari raqobatidan himoya qilishga, tovarlari eksportini kuchaytirish imkoniyatlarini oshirishga harakat qildi.
AQSh Kongressi kelishuvni tasdiqlaydimi, yo'qmi, hozircha ma'lum emas, ammo muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlangani Prezident Barak Obamaning tashqi siyosatdagi yutuqlaridan biri sifatida ko'rilmoqda.
Bitimga qarshilar fikriga ko'ra, erkin savdo Amerikada ish o'rinlarining qisqarishiga olib keladi, chunki kompaniyalar ishlab chiqarishni ish kuchi arzon mamlakatlarga ko'chiradi.
Bitimni AQSh, Kanada, Meksika, Peru, Chili, Vyetnam, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Bruney, Singapur va Malayziya imzoladi.