Prezident Obama xususiy kompaniyalar va federal hukumat barcha xodimlarini yangi tug’ilgan chaqaloqqa qarash uchun pulli ta’til bilan taminlasin, degan taklif bilan chiqmoqda. BMT hisobotiga ko’ra, AQSh “dekret” ta’tili yo’q ikki mamlakatdan biri. Biroq “Amerika Ovozi”ning aniqlashicha, amerikalik ayollar bu masalaga turlicha qarar ekan.
Tilli va uning onasi Jenni Chik kuni bilan ag’darma mashinalar bilan o’ynaydi. Trisiya Boldvinni esa samosval boqadi. Ikki ayol. Pulli ta’tilga ikki xil qarash.
“Dunyoning deyarli har bir mamlakatida buning yo’lini topishdi”, - deydi Jenni Chik.
“Bu bilan xarajatlar ko’payadi, kompaniyaga og’iri tushadi”, - deydi Trisiya Boldvin.
AQSh qonuniga ko’ra, hayotga endi kelgan chaqaloqning ota-onasi o’z hisobidan 12 haftagacha ta’tilga chiqishi mumkin, ammo bizneslar imtiyozli ta’til berishga majbur emas. Ba’zilar bu ishni o’z xohishiga qarab qilishi mumkin. 43 million amerikalik kasal bo’lib qo’lsa, “bolnichniy”ni o’z hisobidan oladi.
Prezident Obama yaqinda Kongressdagi chiqishida qonunchilardan chora ko’rishni so’radi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, dunyoda faqat ikki mamlakat - AQSh va Papua Yangi Gvineyada yangi farzand ko’rgan ota-onalar imtiyozli ta’til bilan ta’minlanmaydi.
“183 mamlakat xato qilmayotgandir axir”, - deydi qonunchi Meloni.
Kongressmen ayol Kerolin Meloni va yana bir necha demokrat qonunchilar federal xizmatchilarga olti oylik “dekret ta’tili” berishni taklif qilmoqda.
Bunday qonun farzandiga qarash uchun o’z hisobidan ta’tilga chiqib, so’ng ishini tashlashga majbur bo’lgan Jenni Chik kabi insonlarga katta yordam bo’lardi.
“Agar “qozonimni qanday qaynataman” deb har kuni xavotir olaversam, farzandimga yaxshi qaragan bo’lmasdim, yaxshi ona bo’la olmasdim”, - deydi Jenni.
Boldvin ishlaydigan “Reliable Contracting” kompaniyasi kamida besh yillik ish tajribasi bor xodimlariga kasal bo’lganda davolanish uchun imtiyozli ta’til taklif etadi. Boldvinning aytishicha, agar kompaniya barcha 400 ishchisi oladigan kasallik va tug’ish ta’tillari uchun pul to’laydigan bo’lsa, moliyaviy qiyinchilikka uchraydi. Kompaniya zo’rg’a tanazzul asoratlaridan o’ziga kelmoqda va yiliga atigi 2,5 foiz foyda qilmoqda, xolos, deydi u.
“Kompaniyamiz 85 yillik tarixga ega. Xodimlarimizga g’amxo’r bo’lishga harakat qilamiz, ularning ko’ngli to’lishini istaymiz, ammo borgan sari bu vazifa qiyinlashmoqda”, - deydi Trisiya.
Prezident, demokratlar va ayrim onalar qonunning qabul qilinishini istaydi. Biroq kuzatuvchilar nazarida respublikachilar nazoratidagi Kongress loyihani ma’qullamaydi. Bir paytning o’zida ham biznesni yuksaltirish, ham oilalar farovonligini ta’minlash oson emas, deydi ular.