AQSh mudofaa vaziri Osiyo bo’ylab safari doirasida Hindistonda muzokaralar olib bordi. Ayrim tahlilchilar nazarida, Panettaning tashrifi AQSh bilan aloqalari sovuqlashgan Pokistonni munosabatlarni yaxshilashga turtki berishi mumkin.
AQSh mudofaa vaziri rasmiy Dehlini Afg’onistonga qo’shimcha yordam berishga da’vat etdi, jumladan xavfsizlik kuchlari malakasini oshirishda. Hindiston-Pokiston munosabatlari yaxshi bo’lsagina, Janubiy Osiyoda tinchlik hukm suradi, dedi Panetta.
Islomobodda uning so’zlari osoyishtalik bilan qabul qilindi.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Muazzam Ali Xonning aytishicha, Afg’oniston barqarorligi, farovonligi va tinchligini ko’zlovchi har qanday tashabbusga Pokiston ijobiy qaraydi.
Ba’zilar xavotiriga ko’ra, Pokiston iskanjaga olinmoqda. Bir tarafdan yadro quroliga ega Hindiston, ikkinchi tarafdan esa Dehliga xayrixoh Afg’oniston. Muxolifat bu xavotirlarni bo’rttirib ko’rsatishga harakat qilmoqda.
"Taktik jihatdan ikki davlat manfaatlarida ayrim o’xshashliklar bo’lishi mumkin. Bu yo’nalishlarda hamkorlikning zarari yo’q. Biroq strategik maqsadlar har xil. Va eng muhimi, biz Hindistonning mintaqada qo’li baland bo’lishini istamaymiz”, - deydi Mozoriy.
Shu sabab uning fikricha, rasmiy Islomobod AQSh bilan ayrim sohalarda hamkorlik qilishning hamda terrorga qarshi urushning ijobiy va salbiy taraflarini taroziga solishga majbur.
"Ochig’ini aytganda, foydadan zarari ko’p, degan xulosa bor."
Pokiston yiliga AQShdan milliardlab dollar yordam oladi. Harbiy hamkorlik a’lo darajada edi, biroq o’tgan yil noyabrida AQSh havo hujumida pokistonlik 24 askar o’lgach, o’rtaga sovuqlik tushdi. Pokiston uning hududi orqali Afg’onistondagi NATO kuchlariga yuk yetkazuvchi yo’llarni yopib qo’ydi.
Mustaqil tahlilchi Hasan Askariy Rizviyning aytishicha, tomonlar murosaga kelmasa, Pokistonning AQSh uchun qadr-qimmati tushishi mumkin.
“Qo’shma Shtatlarning ayniqsa Hindiston bilan yaqinlashayotgani Pokistonga turtki bo’lishi lozim. Rasmiy Islomobod mintaqadagi vaziyatdan kelib chiqib, bir qarorga kelishi zarur. AQShga ishonchsizlik bilan qarashda davom etadimi yoki siyosatini o’zgartiradimi”, - deydi Rizviy.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Pokistonni o’ziga manzil qilgan jangari guruhlarga qarshi kurash sust ekanini qattiq tanqid ostiga oldi.
U Afg'oniston Mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardak bilan uchrashgan.
“Afg’oniston chegarasidagi NATO kuchlari Pokistondan kelayotgan hamlalarni qaytarishga, o’zlarini himoya qilishga to’la haqli. Amerika askarlarini nishonga olganlar bizning dushmanimiz, ularga rahm yo’q”, - deya ta’kidladi Leon Panetta, rasmiy Islomobodni faolroq bo’lishga undar ekan.