Pokiston parlamenti Qoshma Shtatlar bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqmoqda. Ikki davlat orasi mana bir necha oydirki tarang. AQSh va NATO Pokiston hududi orqali Afg’onistonga yuk olib o’tish imkonidan mahrum. Pokiston Tashqi ishlar vaziri Hina Rabboniy Xar fikricha, parlament tekshiruvi uzoq muddatli mustahkam munosabatlar uchun zamin yaratadi.
Muhokamalar boshlanganiga bir hafta bo’ldi. Pokiston qonunchilari bir qarorga kela olmayapti. Muxolifat vakili Ayoz Amir vaziyatni shunday izohlaydi:
“Parlament boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Tavsiyalar taqdim etilgan bo’lsada, mazmunli muzokara boshlanganicha yo’q. Aholi nima deydi, degan savol o’rtaga tashlanmoqda”, - deydi u.
Tashqi ishlar vaziri Hina Rabboniy Xar AQSh bilan munosabatlar biz uchun juda muhim, deydi.
“Xalqaro sheriklarimiz bilan bir masalada hamfikrmiz, ya’ni diktatura sharoitida qarorlar tez qabul qilinishi mumkin, biroq ular uzoqqa bormaydi. Demokratik tizim esa ancha murakkab, qaror qabul qilish ko’p vaqt talab qiladi. Lekin natijaga erishsa bo’ladi”, - deydi vazira.
Rabboniy Xar sobiq prezident Parvez Musharrafni nazarda tutib gapirdi. Aynan Musharraf boshqaruvi davrida Pokiston al-Qoida va Tolibonga qarshi kurashda AQShga yaqindan ko’mak ko’rsata boshlagan edi.
Voqea ketidan Islomobod amerikalik harbiylarni mamlakatdan chiqarib yubordi. Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga yuk yetkazuvchi strategik yo’llarni yopib qo’ydi.
Natijada G’arb Markaziy Osiyo respublikalari bilan hamkorlikni oshirib, yukni yetkazishda ularga ko’proq tayana boshlagan.
Pokiston parlamenti AQSh va NATO bilan musobatlarni qayta ko’rib chiqar ekan, tavsiyalar shundan iboratki, Vashington noyabrdagi fojia uchun uzr so’rashi hamda Pokiston hududidagi jangari makonlarini havodan nishonga olishni bas qilishi kerak.
Afg’onistonga ta’minot yo’llari qayta ochilishi uchun ham NATO muayyan shartlarga ko’nishi lozim. Biroq islomiy partiyalar bu masalaga umuman qaytmoqchi emas.
“NATO bizning hududdan yuklarini olib o’tayotganda qancha-qancha xurujlar bo’ldi, bu beqarorlikka hissa qo’shdi. Bunday hodisalar yana takrorlansa Pokistonning ahvoli voy. Qonun va tartib jihatdan vaziyat shundoq ham yaxshi emas va yanada yomonlashishi aniq”, - deydi deputat.
Jangarilarning NATO kolonnalariga hujumlari ko’p marta qayd etilgan. Radikal islomiy partiyalar kelajakda ham ularga dalda beradi degan xavotir bor.
Prezident Barak Obama va Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy shu hafta Janubiy Koreyada, yadroviy xavfsizlik bo’yicha sammitda suhbatlashdi. AQSh bosh qo’mondonlari Islomobodga tashrif buyurib, yuqori darajada muzokaralar olib bordi. Kuzatuvchilar nazarida bu iliqlashuv boshlanayotganidan darak.