Oq Uy boshqaruvchisi Uilyam Deylining bildirishicha, Pokistonga berilayotgan harbiy yordam hajmi 800 million dollarga qisqaradi.
"Pokiston bilan munosabatlar tarang ekan, muammolar bartaraf etilmaguncha pulning bir qismi ushlab turiladi".
Boshqa rasmiylar nazarida Qo'shma Shtatlar Pokistondan instruktorlarining chiqarib yuborilishi va bu davlatning jangarilarga qarshi yetarlicha kurashmayotganidan norozi.
"Pokiston Tolibon va Afg'onistonda AQSh qo'shinlariga qarshi jang qilayotgan boshqa guruhlarni maxfiy tarzda qo'llab-quvvatlashda davom etar ekan, unga harbiy madad berayotgan davlatga munosabatini aniqlab olishi zarur", deydi Amerika rasmiylari.
Pokistonlik jurnalist Salim Shahzod bir necha maqolalarida Pokiston armiyasi safida jangarilarga xayrixoh odamlar bor, deb yozgan edi. Ammo o'tgan hafta muxbir o'g'irlanib, ikki kundan so'ng jasadi kanalda topilgan edi. "Nyu-York Tayms" gazetasining Vashingtondagi rasmiylardan olingan ma'lumotga tayanib xabar berishicha, Pokiston razvedkasi Salim Shahzodni yo'q qilishga ko'rsatma bergan va Amerika rasmiylarida buni tasdiqlovchi ma'lumot bor.
Pokiston armiyasi generali Atxar Abbos "Nyu-York Tayms" gazetasining armiya va razvedka faoliyati haqidagi tanqidiy maqolasiga qarshi tanqid bilan javob bergan.
"AQSh matbuoti Pokiston qurolli kuchlariga qarshi kampaniya olib bormoqda", deydi general.