Navoz Sharif Vashingtonda rasmiylar bilan uchrashadi

  • Amerika Ovozi
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bugun Vashingtonda mehmon. To’rt kunlik safari chog’ida ikki mamlakat o’rtasidagi nozik va murakkab aloqalar muhokamada bo’ladi.

Navoz Sharif AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashadi, kelayotgan chorshanba esa prezident Barak Obama bilan muloqot rejalangan.

Vashington-Islomobod munosabatlari o’tgan ikki yil ichida o’ziga xos krizisni boshdan kechirdi. Xususan, al-Qoida rahbari Osama bin Ladenga qarshi AQSh maxsus kuchlari o’tkazgan maxfiy reyd kuchli norozilikka sabab bo’lgan va ko’mak dasturlari uzilgan edi.

Bugungi kunda rishtalar qayta tiklanayotgani kuzatiladi. Obama ma’muriyati Pokistonga 1,6 milliard dollarga teng harbiy va iqtisodiy yordam berishga qaror qilgan.

Afg’oniston tinchlik muzokaralari hamda AQSh Pokistonda qo’nim topgan jangarilarni havodan nishonga olib kelayotgani - Vashingtondagi uchrashuvlar kun tartibidagi bosh mavzular.

Bosh vazir Navoz Sharif, shuningdek, o’z mamlakati iqtisodiyotini oyoqqa turg’izish, xususan energetika sektorini inqirozdan olib chiqishda Amerikadan yordam so’rashi kutilmoqda.

Bu joriy yilning may oyida bosh vazirlikka kirishgan Navoz Sharifning Qo’shma Shtatlarga ilk tashrifidir.