AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyliga ko’ra, arab va musulmon davlatlari Yaqin Sharq tinchlik jarayonini amalda qo’llab-quvvatlash va Falastinga gumanitar yordam berish o’rniga falastinliklar taqdiri haqida quruq gapdan bo’shamayapti.
Xeyli bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashida so’zlagan. Uning aytishicha, AQShning Quvayt, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi ittifoqchilari ham BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi boshqarmasi (UNRWA) hisobiga pul o’tkazmagan yoki oz miqdorda o’tkazgan.
“Keyingi gal bu mamlakatlar Xavfsizlik Kengashi yoki Bosh Assambleya minbaridan turib Falastin xalqi taqdiri haqida ma’ruza qilganida “sizning mamlakatingiz ma’ruzabozlikdan tashqari amalda qanday yordam beryapti” deb so’rayman”, - dedi Xeyli.
O’tgan yili Qo’shma Shtatlar falastinliklarga yordam tariqasida 364 million dollar ajratgan edi, biroq yanvar oyida Tramp ma’muriyati 2018-yil byudjetida yordamni 300 million dollarga kesib, BMTning falastinlik qochqinlar bilan shug’ullanuvchi agentligini og’ir moliyaviy ahvolga solib qo’ydi.
Boshqarma mablag’ to’plash maqsadida ikkita favqulodda yordam anjumani o’tkazib, 238 million dollar jamlashga muvaffaq bo’ldi, biroq faoliyatini to’liq ravishda ado etish uchun 217 million dollar yetmayapti. Zarur mablag’ to’planmasa, qochqinlarning farzandlari sentabrda maktabga chiqa olmasligi aytilmoqda. Agentlik puli hisobiga Falastin hududlari va mintaqada ishlayotgan maktablarda yarim milliondan ziyod falastinlik ta’lim oladi.