AQShda koronavirus bilan kasallanganlar 3 milliondan oshdi

  • Amerika Ovozi

AQShning Kaliforniya, Florida, Texas va Arizona shtatlarida koronavirus yuqtirish hollari keskin ko’payishi ketidan ayrim joylarda karantin yangidan joriy etilmoqda. Kaliforniyada yozgi ta’tildan so’ng keyingi hafta ish boshlashi kutilgan shtat kengashi noma’lum muddatga tanaffus e’lon qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-iyul, 2020-yil

Respublikachilar bundan norozi.

“Qonunchilik hokimiyatini yopish bilan ish bitmaydi. Faoliyatimiz shtatdagi ko’plab odamlar hayotiga ta’sir qiladi. Xususan, koronavirus kabi sog’liqni saqlash muammolari, odamlarning hayoti, iqtisodiyotga doir masalalar bilan shug’ullanishda”, - deydi kaliforniyalik mahalliy qonunchi Kevin Kayli.

Floridaning respublikachi gubernatori Ron DeSantisning aytishicha, shtatdagi tibbiy muassasalar bemorlarning ko’payishiga tayyor.

“Florida janubida Mayami tibbiy markazi bor. Boshqa joylarda ham faqat koronavirus bemorlari bilan shug’ullanuvchi markazlar bor”, - deydi u.

Florida qonunchilik kengashining demokrat a’zolari gubernatorning koronavirusga doir siyosatini tanqid qilarkan, ular nazarida, hokim shtatda niqob taqish qoidasini joriy etmayotgani va plyajlarni yopmayotgani natijasida virus tez tarqalib, odamlarni o’ldirmoqda.

O’tgan hafta statistikasiga ko’ra, kuniga 8500 dan ziyod odam virus yuqtirmoqda. Bu bir oy oldingi holatdan sakkiz baravar ko’p.

Arizonada esa kasalxonalarda yotoqlar yetishmayapti.

“Vaziyat yaxshilanishini ko’rmayapmiz. Har kuni raqamlar o’sib boryapti”, - deydi Tuson tibbiy markazidan doktor Matt Xayns.

Texas koronavirus pandemiyasining o’choqlaridan biriga aylangan. Seshanba kuni 10 mingdan ziyod odam bir kunda virusga uchragan – rekord ko’rsatkich.

Shtatdagi ayrim qoidalarga qaramay, rodeo tomosha qilishga kelgan odamlar ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish kabi qoidalarga pisand qilmayapti.

“Amerikalik bo’lganim uchun istaganimcha yashashim kerak deb o’ylayman. Soliqlarimni to’lab boryapman, erkin yashayman”, - deydi texasliklardan biri.

“Hukumatning nima taqish yoki kiyishimizni buyurishga haqqi yo’q. Konstitutsion huquqlarimizga zid bu”, - deydi yana biri.

Yuqumli kasalliklar bo’yicha yetakchi mutaxassis Piter Xotesning ogohlantirishicha, Mustaqillik kuni tantanalari ketidan koronavirus yuqtirish hollari keskin ko’payishi mumkin.

“Epidemiyaning eng yomon nuqtalaridan biridamiz. Bu boshlanishi, keyingi ikki haftada kasallar ikki karra ko’payadi, undan keyingi haftada yana ikki baravar”, - deydi u.

Biroq Oq uyning koronavirusga qarshi kurash jamoasi manzarani o’zgacha tasvirlaydi.

“Arizona, Florida va Texasda ijobiy test natijalari miqdori tekislanishiga alomatlarni ko’ryapmiz. Bu shtatlar gubernatorlari vaziyatni tekislash uchun qattiq choralar ko’rgan”, - deydi mamlakat vitse-prezidenti Mayk Pens.

Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi kuzda boshlanishi kutilayotgan o’qish mavsumiga doir yo’riqnomalar chop etishi kutilmoqda.