AQSh Filippinda doimiy baza ochmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Osiyoga safar qilayotgan Pentagon rahbari bugun Filippinda prezidenti Benino Akino bilan uchrashgan.

Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, Filippinda AQShning harbiy bo’limlarini kengaytirishga doir muzokaralarda siljish bor.

Biroq Amerika bu davlatda doimiy baza ochish niyatida emas. Osiyoga safar qilayotgan Pentagon rahbari bugun Filippinda prezidenti Benino Akino bilan uchrashgan.

“Doimiy bazani ko’zlayotganimiz yo’q. Bu Sovuq urush davriga qaytish bo’ladi. Buning o’rniga harbiy sheriklik, ittifoqchilik yo’lini tanlayapmiz”, - deydi Chak Xeygl.

AQSh mudofaa vazirining aytishicha, taraflar Filippinda askarlar, harbiy kemalar va jangovar samolyotlar sonini oshirishga doir kelishuv ustida ishlayapti.

Xeygl va Akino Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi tortishuvni ham muhokama qilgan.

Xitoy va qo’shni davlatlar, jumladan, Filippin tabiiy zaxiralarga boy bu dengizni talashib keladi. Kichikroq qo’shnilar nazarida Pekin tobora agressiv siyosat qo’llayapti.

ASEAN kabi mintaqaviy uyushmalar munozarani bir davraga yig’ilib muhokama qilishni taklif qilaypti. Biroq Xitoy bahsni har bir mamlakat bilan yuzma-yuz ko’rib chiqishni ma’qul ko’rayapti.

Qo’shma Shtatlar bu tortishuvda biror tomonni yoqlamasligini ta’kidlaydi, ammo Vyetnam va Filippin kabi mamlakatlar bilan harbiy hamkorlik ko’lamini oshirayapti.