Jorj Floydning o’limi ketidan boshlangan namoyishlar burilish nuqtasi bo’ldi, deydi Floydning dafn marosimida qatnashgan amerikalik qonunchilar.
“Jorj Floyd dunyoni o’zgartirib yubordi. Bundan foyda bo’lganini butun dunyoga bildiramiz”, - dedi demokrat kongressmen Al Grin.
Amerika huquq-tartibot tizimini o’zgartirishga da’vatlar ko’p yangrayapti.
“Politsiyachilar fuqarolik erkinliklari va fuqarolik huquqlariga ko’z yumayotgan jangchilardan jamoat xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi posbonlarga aylanishini ta’minlash zarur”, - dedi yana bir demokrat qonunchi Sheyla Jekson Li.
Vashingtonga kelib qonunchilar bilan muloqot qilgan Floydning ukasi ham politsiyani isloh qilishga chaqirdi.
“Taklif etilayotgan qonun federal hukumatga politsiyachilarning noqonuniy harakatlarini tergov qilishni osonlashtiradi – odamning bo’g’zidan ushlashni, odamlar haqida irqiga, diniga qarab o’zicha tasavvur hosil qilishni man qilib, tergovni mahalliy politsiyadan mustaqil ravishda olib borishni rag’batlantiradi”, - dedi Vakillar palatasining Adliya qo’mitasi raisi Jerold Nedler.
Demokratlar olg’a surgan qonun loyihasida namoyishchilarning politsiya byudjetini qisqartirish talabi aks etmagan, biroq ayrim qonunchilar huquq-tartibot idoralari uchun ajratilayotgan pulning bir qismini boshqa ehtiyojlarga sarflashni taklif etmoqda.
“Jamoalarni sog’lomroq, xavfsizroq qilish uchun ularga ko’proq sarmoya qilish tarafdoriman. Amerikaning ko’p shaharlarida byudjetning uchdan biri politsiyaga sarflanmoqda”, - deydi demokrat senator Kamala Xarris.
Oq uy politsiyaning fuqaroviy da’volardan himoyasiga chek qo’yuvchi demokratlar taklifi o’tmasligini darhol bildirdi. Senatda Respublikachilar partiyasidan yagona qora tanli vakil o’z qonun loyihasini olg’a surdi.
"Vakillar palatasi, Senat va Oq uy qonun loyihalarida o’xshashlik bor”, - dedi Tim Skot.
Bu o’rtada demokrat qonunchilar Kapitoliy binosida AQSh Fuqarolar urushida mag’lub bo’lgan quldor janub generallari va rahbarlarining haykallarini olib tashlashga chaqirmoqda.
“Bu odamlar AQShga xiyonat qilgan. Haykallarini bu yerga shtatlar qo’ygan”, - dedi quyi palata spikeri Nensi Pelosi.