Missuri shtatining Fergyuson shahri hamda mamlakatning boshqa joylarida huquq-tartibot organlari va aholi orasidagi to’qnashuvlardan keyin politsiya ustidan shikoyat qilish jarayoniga e’tibor qaratilmoqda.
Indiana shtati poytaxti Indianapolis va uning atrofida qariyb bir million odam yashaydi.
Xenri Xiggins bu hududni nazorat qiluvchi 1500 politsiyachidan biri.
Politsiyachi uchun har bir odam bilan gaplashish muhim. Muloqot xar hil odamlar bilan turlicha kechadi, qanday bo’lishini oldindan aytish qiyin, ba’zida bu hatto xavfli bo’lishi ham mumkin.
Politsiya boshqarmasi boshlig’i Richard Xaytning aytishicha, politsiyachilar o’zlariga belgilangan mahallalarda yashovchi odamlarni bilish muhim ekanini tushunadi.
“Fuqarolar bilan muntazam ravishda uchrashib turish kerak. Shu holda mahallada u yoki bu muammo tug’ilganida ular seni taniydi, kimligingni biladi. Vazifang – borib muammoni hal qilish,” - deydi u.
Fuqarolar politsiya ishidan norozi bo’lsa, boshliq fuqarolarning politsiya ustidan shikoyatlarini ko’rib chiquvchi bo’lim orqali bundan darrov xabar topadi.
“Biz odamlarga “sizning fikringiz muhim, bu ishda qatnashishingizni istaymiz”, deymiz. Politsiya odamlarga yomon munosabatda bo’la olmaydi,” - deydi Lora Uayt.
U bo’lim boshlig’i. Shikoyatlarni politsiyachi bo’lmagan, saylangan to’qqiz odam ko’rib chiqadi. Bo’limda uch nafar politsiya xodimi ham bor, lekin ular shikoyat yuzasidan ovoz bera olmaydi.
“Biz politsiyadan mustaqil ravishda ish yuritamiz. Indianapolis fuqarolariga huquq-tartibot organlari faoliyatidan shikoyat qilish imkonini beruvchi idoramiz. Vazifamiz shundan iborat,” - tushintiradi Uayt.
Shikoyat yo’llash jarayoni 1989-yilda politsiya mas’uliyatini oshirish maqsadida boshlangan.
“Xodimlarimiz shikoyatni o’rganadi, tekshiruv olib boradi. So’ngra xulosa chiqaradi. Ish yuzasidan qabul qilingan qarorni tasdiqlaydi yoki yo’q. Masalan, yetarli dalil bo’lmasa, shikoyat asossiz deb topiladi,” - deydi u.
Ammo 2012-yilgi tekshiruv natijalari shikoyatlarni ko’rib chiqishda nuqsonlar borligini ko’rsatdi.
Taftishdan keyin idoraga rahbar etib tayinlangan Lora Uayt 2014-yilgi tekshiruv jarayon ancha mukammallashganini ko’rsatadi, deydi.
“Bu davr mobaynida 110 politsiya xodimi ustidan shikoyat tushdi. 45 nafariga xayfsan e’lon qilindi. Bu shikoyatlarning deyarli yarmisi”.
“Jarayonga fuqarolar jalb etilsa, ular masalaga chetdan xolis qaray oladi, tergov adolatli va vaqtida o’tkazilishini kafolatlaydi,” - deydi Kameron Makelxini.
U Indianapolis Fuqaro shikoyatlari kengashining sobiq a’zosi, hozir esa huquq-tartibot organlarini nazorat qiluvchi milliy uyushmaning treninglar bo’limi direktori.
“Fergyuson va boshqa shaharlardagi voqealardan so’ng huquq-tartibot organlari, shahar rahbarlari va oddiy fuqarolar shuni anglab yetdiki, nazoratni salbiy holat ro’y berganidan keyin emas, balki undan oldin yo’lga qo’yish kerak. Ana shunda bunday voqealarning oldini olsa bo’ladi,” - deytdi Makelxini.
Shikoyatlarni o’rganish jarayoni politsiyachi yoki boshqarmani ishdan chalg’itishi mumkin. Biroq bundan nolimaymiz, deydi politsiya boshlig’i Richard Xayt.
“Ishimizni tekshirib turadigan tizimga muhtojmiz. U ish sifatimizni oshiradi”.
2013-yilda Kaliforniyaning Fullerton davlat universiteti o’tkazgan tadqiqot natijasiga ko’ra, 100 dan ziyod politsiya boshqarmasida fuqarolardan tuzilgan nazorat kengashlari ish olib boradi. Ularning aksariyati Nyu-York kabi katta shaharlarda. Fergyusonda esa bunday kengash sentabrda ish boshladi.
Your browser doesn’t support HTML5