Siyosiy janjallar - zararmi yoki foyda?

  • Amerika Ovozi
Siyosat - nozik narsa. Ayniqsa, demokratik mamlakatlarda siyosiy arbob xatti-harakatiyu aytgan so’zlari ommaga darhol ma’lum bo’ladi. Televideniye, matbuot uni ipidan ignasigacha o’rganadi, tahlil qiladi. Amerikada saylov yaqinlashar ekan, siyosatchilar har qadamini o’ylab, mutaxassislar bilan maslahatlashib bosayapti. Lekin xatolar ham bo’lib turadi.

Respublikachilar Mitt Romnini Oq uy sohibi qilishga intilayotgan bir vaqtda qonunchi Todd Eykin partiyani ham, nomzodni ham sharmanda qildi.

Zo’rlangan ayolga homilani oldirishga ruxsat berish kerakmi, degan savolga shunday javob berdi:

“Ayol haqiqatda zo’rlansa, homilador bo’lmaydi, tabiatan shunday”.

Bu naqadar ahmoqona gap, deydi prezident Obama:

“G’irt haqorat-ku. Zo’rlash bu zo’rlash”.

Eykin kechirim so’radi. Biroq bayonot respublikachilar, xususan, prezidentlikka nomzod Mitt Romni obro’siga putur yetkazgani aniq.

“Bu gap hozir chiqqani yomon bo’ldi. Mitt Romniga abort va ijtimoiy masalalar atrofida janjal ortiqcha,” - deydi Amerika universiteti siyosatshunosi Allan Lixtman.

Eykinning ayrim safdoshlari undan qolishmadi. Isroilga tashrifi chog’ida Kongressning yana bir a’zosi Kevin Yoder dengizda qip-yalang’och cho’milayotganida matbout nazariga tushdi.

“Albatta, xatoga yo’l qo’ydim. Afsusdaman,” - dedi u keyinchalik.

Ayrim xatolar siyosiy faoliyatga yakun yasashi mumkin.

Geri Xart 1988-yilda demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilgan. Lekin u turmush o’rtog’iga xiyonatda gumon qilingan. Gapning tagiga yetaman degan jurnalistlar siyosatchi ketidan yurib, keyinchalik mashhur bo’lib ketgan hodisani fosh etgan. Uni suratga ham olgan.

“Go’zal mallasoch qo’ynida “Monkey Business” deb nomlangan kemada rasmga tushgan. O’z obro’siga shunday putur yetkazish mumkinmi? Nimani o’ylagan u?!” - deydi Lixtman. “Monkey Business” ingliz tilida nomaqbul ishni, sho’xlikni anglatadi.

Janjaldan omon chiqqan siyosatchilar ham yo’q emas.

Vashingtonning sobiq meri Marion Barri siyosatga kirganiga 40 yildan oshgan. Qora tanlilar huquqi uchun kurashgan marhum Martin Lyuter King safdoshlaridan.

1990-yilda u kokain iste’mol qilayotganida Federal Qidiruv Byurosi kamerasida videoga tushirilgan. Olti oy qamoq jazosini o’tagan.

Shunga qaramay, Barri yana to’rt yilga poytaxt meri etib saylandi. Hozirda 76 yoshli siyosatchi shahar kengashi a’zosi.

“O’tmishga, qilmishlaringizga nazar tashlaysiz-da, nimaga bunday qilgan ekanman, miyam qayerda edi, deb so’raysiz. Lekin javob topa olmaysiz. Bo’lgan ish bo’ldi,” - deya tan oladi arbob.

Janjaldan omon chiqqach, siyosiy obro’sini hatto oshirishga muvaffaq bo’lgan arbob – Bill Klinton. Oq Uyda praktikant bilan don olishgan va shunga qaramay bugun yulduz.

Siyosatchilar bor ekan, janjallar bo’laveradi. Siyosiy arbob ulardan keyin yo’q bo’lib ketadimi yoki obro’ qozonadimi, boshqa masala.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda saylovoldi mashmashalari/US Political Scandals