Ebola epidemiyasi yuzasidan kuchli xavotir hozir Amerikada navbatdagi siyosiy masalaga aylangan. Kongressga saylovlar yaqin va demokratlar jon-jahdi bilan Senatdagi ko’pchilik o’rinni saqlab qolishga urinmoqda. Vakillar palatasi esa respublikachilar ixtiyorida qolishi kutilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Texas shtatida eboladan vafot etgan bemorning hamshirasi ham virusni yuqtirgan va u bir necha kundan beri Merilend shtatidagi maxsus tibbiy muassasada davolanmoqda. Hukumat esa keskin tanqid ostida.
Prezident Barak Obama epidemiyaning oldini olish harakatida bir necha safarlarini bekor qilgan. Oq uyda har kuni majlis. Ebola Amerikada tarqalmaydi, deydi Obama.
Xalq xavotir olmasin, bu xavfli kasallik yoyilmasligi uchun qo’ldan kelgan barcha chora ko’riladi, deydi u.
“Tushunaman, odamlar qo’rquvda. Lekin men bir narsaga urg’u bermoqchiman, hozircha mamlakatda bu virus bitta odamda bor xolos”, - deydi prezident.
Saylovlar oldidan xalq orasida bunday xavotir va qo’rquv paydo bo’lishi hukumatdan norozilikni kuchaytiradi, muxolifatga kuch beradi.
“Hammani e’tiborli bo’lishga, masalaga ochiq ko’z bilan qarashga chaqiraman. Biz bu masala bilan jiddiy shug’ullanayapmiz”, - deydi Obama.
Demokratlarning saylovda yutish ehtimoli juda past, deydi tahlilchi Julian Zelizer, “Skype” orqali suhbatda.
“Hozirgi vaziyat inqirozga o’xshaydi. Hukumat hammaning nishonida. Demokratik partiya uchun bu faqat zarar, har tomonlama”, - deydi u.
Nomzodlar bahslashar ekan, har biridan ebolaga qarshi nima chora ko’rgan bo’lar edingiz, deb so’rashayapti. Senat va Vakillar palatasiga da’vogar respublikachilarning hammasi hukumat ko’rayotgan choralarni yetarli deb hisoblamaydi. Jamoatchilikning ko’zi ularda.
Demokratlar esa respublikachilarni odamlar orasida vahima uyg’otayotganlikda, asossiz ma’lumot berayotganlikda ayblamoqda.
Prezident epidemiyaning oldini olish harakatlariga boshchi etib, o’z maslahatchilaridan biri Ron Klaynni tayinladi. Eboladan aziyat chekayotgan Afrika g’arbiga 4000 harbiy yuborilmoqda, ular favqulodda yordam ko’rsatadi.
Obamaning ishonchi baland. Amerika uni yengadi, tarqalishiga yo’l bermaydi, deydi prezident. Mutaxassislar esa ogohlik va tayyorgarlik eng muhim talablar, deya eslatib turibdi.
Your browser doesn’t support HTML5