AQSh Senatining respublikachi a’zosi Ted Kruz 2016-yilgi prezident saylovlarida qatnashish niyatini rasman e’lon qilgan ilk nomzod. U qatori Oq uyni ko’zlayotgan respublikachilar ko’p. Demokratlardan esa Xillari Klinton oliy lavozimga nomzodini qo’yishi kutilmoqda.
Ted Kruz Virjiniyadagi Liberti universitetida o’z rejasini e’lon qildi.
“Men konservativ qarashga ega millionlab odamlarning Amerikani qayta tiklashiga ishonaman va shu sababdan Qo’shma Shtatlar prezidentligiga o’z nomzodimni qo’ymoqchiman”, - dedi u.
Agar prezident etib saylansa, Kruz Barak Obamaning tibbiy sug’urta haqidagi qonunini bekor qilishini aytdi. Tashqi siyosat bobida esa u “Islomiy davlat”ga qarshi kurashmoqchi.
“Radikal islomiy terrorizmga qarshi chiqib, uni yo’q qiladigan prezident bo’laman”, - deydi u.
Kruz Respublikachilar partiyasidagi “Choychilar” harakatining liderlaridan. Bu harakat 2013-yilda hukumatning qisman yopilishiga sababchi bo’lgan edi.
Kruz 2016-yilda prezidentlikka nomzodini rasman e’lon qilgan birinchi siyosatchi.
Kelasi haftalarda yana bir necha arbob ham shunday qarorini bildirishi kutilmoqda, shu jumladan Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush, Viskonsin gubernatori Skott Uoker, Floridadan senator Marko Rubio va Kentukidan senator Rend Pol.
Nomzodlar ko’p. Kruz ulardan ajralib turish umidida. Tahlilchi Mett Dallekning aytishicha, Kentukidan senator Rend Pol, Nyu-Jersidan gubernator Kris Kristi, Ogayodan gubernator Jon Kasich prezidentlikka harakat qilib ko’rishi mumkin.
“Ularning bari ahamiyatli arboblar, qaysi biri g’olib chiqishini hozir aytish qiyin, ammo bu shaxslar birgalikda sahnada turib bahslashsa, bu munozarani men, albatta, tomosha qilaman”, - deydi tahlilchi.
Respublikachilar partiyasi strategi Filip Statts nomzodlarning ko’pligini ijobiy hol, deb baholaydi.
“Biz hech qachon 2016-yilda prezidentlikka bu qadar loyiq nomzodlar guruhini ko’rmaganmiz. Qariyb 14 nafar kuchli, katta tajribaga ega va jiddiy yutuqlarga erishgan nomzod”, - deydi Statts.
Demokratlar ham yaqin kunlarda asosiy nomzod, sobiq Davlat kotibi Xillari Klintondan o’z nomzodini e’lon qilishini kutmoqda.