Trampni Rossiyada nima uchun yaxshi ko'rishadi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Moskva

Amerikaning yangi rahbari vataniga qaraganda Rossiyada ko'proq tarafdorga ega bo'lishi mumkin. Ruslar Donald Trampni kuchli lider deya ta'riflaydi. Davlat nazoratidagi axborot vositalariga nazar tashlasangiz, shunday xulosa qilish mumkin.

"Gallup" tadqiqot markazi olib borgan so'rovlar natijasiga ko'ra, amerikaliklarning 45 foizi Trampni olqishlasa, rossiyaliklarning 48 foizi uni yo yaxshi yo a'lo darajadagi rahbar deya hisoblashini aytgan. Tramp ular nigohida dangal gapiradigan, qa'tiyatli va Rossiyani qoralashga shoshmaydigan lider.

Respondentlarning 31 foizi Tramp "o'rtacha prezident" bo'ladi deya taxmin qilgan. Atigi 4 foizi AQSh rahbari ishni eplolmaydi, deb aytgan.

“Dunyoda bizdan boshqa hech kim Donald Trampning saylov kampaniyasini bu qadar qiziqib tomosha qilmagan bo'lsa kerak”, - deydi Dmitriy Kiselyov, "Rossiya Segodnya" (Russia Today) telekompaniyasi rahbari.

Kiselyov o'zini obyektiv jurnalist deb ataydi, biroq ko'rsatuvlarida Trampni ochiq yoqlab chiqqan. Uning fikricha, Amerika axborot vositalari Putinni yovuz va zolim shaxs sifatida tasvirlashdan tinmaydi lekin AQSh xalqi Trampdek odamni prezidentlikka tanlagani tahsinga sazovor.

Rus telekanallarida Tramp eng ko'p tilga olinadigan va maqtaladigan odamga aylangan. Tahliliy dasturlar va suhbatlarda asosan uning gaplari, chiqishlari va qarorlari muhokamada.

Anatoliy Kuzichev singari teleboshlovchilar Trampni hatto "bizning prezident" deya tilga oladi. Kuzichev ta'biricha, Rossiya xalqi Trampni uzoqdan quvvatlab turadi va unga har qadamda ruhan yordam bera oladi.

Tramp Rossiyaga nisbatan amaldagi sanksiyalarni olib tashlash haqida gapirgan lekin bu borada qarorga kelmaganini aytmoqda. Bugun Prezident Vladimir Putin bilan telefonda gaplashgan Tramp Kreml bilan Ukrainada barqarorlikka erishish, yadroviy qurollarni kamaytirish, Suriya masalasini hal etish hamda terrorizmga qarshi birgalikda chora ko'rish yuzasidan til topishish maqsadida.

Lekin Putin siyosatini azaldan kuzatib, tanqid qilib kelayotgan respublikachi senator Jon Makkeyn nazarida Rossiya rahbari "kelishadigan odam emas".

Putin qotil, yolg'onchi, vijdonsiz va razil shaxs, deya ogohlantirmoqda Makkeyn Prezident Trampni. Rossiya o'z qudratini Amerikani zaiflashtirish hisobiga oshirmoqchi; Putin qo'shni davlatlarni o'ziga bosh egdirishni xohlaydi; murosa uning uchun bosimni kuchaytirish degani; Putin Amerika bilan hamkorlik qilishni istaganida allaqachon bu yo'ldan borgan bo'lar edi; Suriya va Afg'onistondagi qilmishlariga ko'z yummang, deya undamoqda Makkeyn, Trampga murojaatlarida.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vashington bilan yangi muloqotdan umidvor ekanin, lekin muzokara stoliga yangi shartlar bilan kelishini aytgan.

Mustaqil Levada Markazi o'tkazgan izlanishlar rossiyaliklar orasida Amerika bilan aloqalar yaxshilanishiga ishonadiganlar kamayganini ko'rsatgan.

Trampni yoqlovchi propaganda uning nufuzini oshirmoqda, deyd tahlilchilar, biroq tuzumlarga ishonch past. Jamoatchilik aksariyat hollarda o'zgarish qilish qiyin deb hisoblaydi.