26-aprel kuni AQShning yana besh shtatida “Super Seshanba” saylovlari bo’lib o’tadi. Konnektikut, Delaver, Merilend, Pensilvaniya va Roud-Aylend prezidentlikka nomzodlarni saralaydi. Respublikachilardan Donald Tramp, demokratlardan esa Hillari Klinton shu kungacha o’tgan bellashuvlarda raqiblarini ancha ortda qoldirdi.
O’tgan hafta Nyu-Yorkdagi partiyaviy saylovda delegatlarning 94 foizini Donald Tramp qo’lga kiritdi. Meni Oq uyda tasavvur qilavering, deydi u tarafdorlariga qarata.
“Qo’shma Shtatlar prezidentligi uchun Donald Trampga ovoz bergan edim. U g’alaba qilganidan ko’p o’tmay buyuklik nima ekanini bildik, deb aytib yurasiz hali. Men Oq uyga saylansam, biz hech kimga yutqazmaymiz”, - deydi tadbirkor.
Seshanba kuni shimoli-sharqiy shtatlarda o’tadigan saylovlarda aksar fuqarolar Trampga ovoz berishini aytadi.
Ammo uning raqiblari Ted Kruz va Jon Keysik ham nomzod bo’lish uchun zarur delegatlarni to’plashda davom etmoqda. Iyulda respublikachilar qurultoyida kim tanlangani e’lon qilinadi.
Televizion reklamalarida senator Kruz Hillari Klintonni faqat men yenga olaman, deydi.
“Respublikachilarning 65-70 foizi biladiki, Donald Tramp Klintonga bas kela olmaydi”, - deydi senator.
Ammo nomzodlikka eng yaqin turgan shaxs bu Tramp. Qurultoyga mutlaq g’olib bo’lib borishi uchun kurashni davom ettirishi kerak, deydi tahlilchi Jon Fortye.
“Kelayotgan saylovlarda ham unga xayrixohlar ko’p. Lekin Tramp nomzod bo’ladi deb ishonch bilan aytishga erta. Kruz keraklicha delegat yig’a olmaydi, Jon Keysik ham shunday. Trampda imkoniyat bor. Agar 1237 ga yeta olmasa, masala syezd paytida hal qilinadi”, - deydi suhbatdosh.
Demokrat Hillari Klinton Nyu-Yorkda ovozlarning qariyb 60 foizini olib, raqibi Berni Sandersdan yanada o’zib ketdi.
Uning maqsadi saralash poygasini tezroq yakunlab, noyabrdagi umumiy saylovga tayyorlanishdir.
“Demokratik tizimda hech kim haqiqatga egalik qilmaydi. Diktatura emasmiz. Avtoritar tuzum yoki teokratiya emasmiz. Demokratiyada hamma bir-biriga quloq tutadi”, - deydi Klinton.
Nyu-Yorkni unga boy bergan Berni Sanders kurashni davom ettirmoqda. Ayrim demokratlar uni Klintonga nisbatan keskin tanqidlarni bas qilishga undayapti.
Siyosiy inqilob qilishga bel bog’lagan senatorning tarafdorlari asosan yoshlar.
“Bizni jiddiy qabul qilishmagan edi. Qarang, 11 oy davomida nimalarga erishdik”, - deydi Sanders.
Seshanba ovoz beradigan besh shtatda, so’rovlarga qaraganda, Klinton yutishi ehtimoli yuqori. Sanders poygani tark etib, Demokratik partiyani birlashtirish haqida o’ylasin, deydi ayrimlar.