AQShning turli shaharlarida irqchilik va politsiya zo’ravonligiga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Eng kattasi poytaxt Vashingtonda bo’lib o’tdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Shaharda nazorat bir necha kunga qo’ldan chiqqan edi, lekin so’nggi kunlarda zo’ravonliklar ancha pasayganini ko’rdik”, - deydi Ichki xavfsizlik vaziri Chad Vulf.
Uning aytishicha, bunga sabab shahar ko’chalarida xavfsizlik kuchlarining ko’paygani.
“Vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Zo’ravonliklar pasayishga qarab xavfsizlik kuchlarini kamaytiramiz”, - dedi Vulf.
So’nggi kunlarda namoyishlar tinch o’tganini ko’rgan Prezident Donald Tramp Milliy gvardiyani Vashingtondan chiqarishni buyurdi. Bir necha kun oldin Tramp shaharlarda vaziyat nazoratdan chiqsa muntazam qo’shinlarni kiritish rejasi haqida so’zlagan edi. Iste’fodagi general Martin Dempsi va yana bir necha faxriylar bunga qarshiligini bildirgan.
“Bunday holat harbiylar va Amerika xalqi o’rtasidagi aloqaga zarar qiladi”, - dedi Dempsi.
Vashington meri Muriyel Bauzer Trampga maktub yo’llab, qo’shimcha politsiya va Milliy gvardiya kuchlarini shahardan chiqarishni so’ragan. Unga ko’ra, Tramp Oq uy qarshisidagi cherkovni ziyorat qilgan kun namoyishchilarga qarshi ishlatilgan kuch yanada ko’proq odamlarni namoyishlarga qo’shilishga undagan.
“Amerikaliklar federal politsiyaning tinch aholiga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llaganini ko’rdi. Ular so’z erkinligidan voz kechmasligini bildirib, tinch namoyishlarni davom ettirishini aytgan, biroq Tramp harakatlaridan so’ng oxirgi kunlarda shaharda namoyishchilar yanada ko’paydi”, - dedi Bauzer.
Oq tanli politsiyachi qo’lidan o’lgan Jorj Floyd tug’ilib o’sgan Shimoliy Karolina shtatidagi shaharda o’tgan xotira marosimida qatnashish uchun mamlakatning turli chekkalaridan odamlar to’plandi.
Biroq Amerikadagi ayrim faollar, shu jumladan qora tanli faollar Floydni ilohiylashtirmaslikka, uni qahramonga aylantirmaslikka chaqirmoqda. Siyosiy faol va konservativ sharhlochi Kendis Ouensning aytishicha, kamida 5 marta qamoqda o’tirib chiqqan, o’limidan oldin hibsga olingan paytda giyohvand moddalar ta’sirida bo’lgan odamni ko’klarga ko’tarish to’g’ri emas.
Ouens AQShda qora tanlilarga nisbatan irqiy muammolar bo’rttirilganini aytib, qora tanlilar o’zini jabrdiyda qilib ko’rsatish odatidan voz kechishi kerak, deydi.
Floyd o’g’rilik, qaroqchilik, giyohvand moddalarni saqlash ayblovlari bilan bir necha bor sudlanib, so’nggi bor 2014-yilda qamoqdan chiqqan edi.
Uning o’limidan so’ng oilasiga xayriya to’plash uchun internetda tashkil etilgan tashabbus natijasida shu kunga qadar 13 million dollardan ko’p pul jamlangan.
Floyd dafn marosimi shu hafta Texasning Xyuston shahrida bo’lishi kutilmoqda.