Qo’shma Shtatlar kelasi yil oxirigacha 10 ming suriyalik qochqinga boshpana beradi. Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan qochib kelayotgan 160 ming kishini joylashtirish rejasi bilan chiqqan. Ittifoqning ayrim a’zolari bunday majburiy kvotaga qarshi.
Suriya va boshqa joylardan qochqinlar turli yo’llar bilan Yevropaga kelmoqda. AQSh ham yordamni oshirishi kutilyapti.
Vaziyat qanchalik og’ir ekanini tushunamiz, deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Jon Kirbi.
“Qochqinlar tasvirlangan suratlar va videolarni ko’rgan odam ta’sirlanmay qolmaydi”, - deydi rasmiy.
Davlat departamenti ma’lumotiga ko’ra, Amerika qonunlarida belgilangan 70 mingdan ham ko’proq qochqinga boshpana berish masalasi ko’rib chiqilmoqda.
Migratsiya siyosati institutidan Ketlin Nyulend nazarida, hozircha Vashington gumanitar inqirozga munosib javob bergani yo’q.
“Maksimal raqamni 100 mingga oshirsak, 35-40 ming suriyalikka boshpana bera olamiz”, - deydi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti G’arb davlatlaridan kelasi yil oxiriga qadar 130 ming kishiga joy berishni so’rayapti.
Tanqidlarga javoban, Obama ma’muriyati Suriyaga atalgan gumanitar operatsiyalarning yirik homiysi ekanini qayd etadi. To’rt milliard dollar mablag’ ajratilgan, 10 ming suriyalik qochqinni qabul qilish rejada.
Senator Jon Makkeyn fikricha, inqirozda Obamaning ham aybi bor, chunki Suriya mojarosini hal qilish uchun vaqtida chora ko’rilmadi.
“Zilzila yoki to’fon kabi qo’qqisdan sodir bo’lgani yo’q bu inqiroz. AQSh yetakchilikdan voz kechgani shunday ahvolga olib keldi”, - deydi senator.
Oq uyga harakat qilayotgan respublikachi qonunchi Lindzi Grem deydiki, Amerika yordamni oshirishga qurbi yetadi.
“Odamlarni uyini tashlab ketishga majbur qilayotgan sabablarni yo’q qilish kerak. Toki ular vataniga umid bilan qaytsin”, - deydi senator.
Yevropada eng ko’p qochqinni qabul qilayotgan davlat bu – Germaniya. AQShda qochqin maqomini olish uchun ariza berganlar ikki yilgacha tekshilishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5