Amerika ko'proq qochqinlarni qabul qilishga va'da berdi

  • Amerika Ovozi

Makedoniyadagi suriyalik qochoqlar

Qo'shma Shtatlar Suriya va boshqa mamlakatlardagi urushlardan qochayotgan ko'proq qochqinlarni qabul qilishga va'da bermoqda. Yevropa Ittifoqi esa 160 ming migrantni joylashga doir majburiy kvotalarni e'lon qildi.

Kongressga qonunchilar bilan ko'rishgach, Davlat kotibi Jon Kerri qancha qochqinga eshiklarni ochish masalasini ko'rib chiqayapmiz, dedi.

Senator Jon Makkeyn esa Prezident Obamani Yaqin Sharq va Afrika shimolini qamragan qonli zo'ravonliklar yechimi yo'lida faolroq qatnashishga undadi. Makkeyn Gretsiya yaqinida cho'kkan 3 yashar suriyalik go'dakning surati yonida so'zladi.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, Amerika qochqinlarni qabul qilayotgan ittifoqchi davlatlarga yordamni oshirish kabilarni ko'rib chiqmoqda.

Yevropa Komissiyasi raisi Jan Klod Yunker Yevropa mamlakatlarini minglab muhojir va qochqinlarni bag'riga olishga da'vat etgan.

Biroq ittifoqdagi ayrim davlatlar kvota tizimiga qarshi.Chexiya va Slovakiya qarshilardan. Ular qochqinlar safida terrorchilar ham mintaqaga kirib kelayotganidan xavotirda. Aksariyat qochoqlar barqaror, boy davlatlar, jumladan, Germaniya va Shvetsiyada qolmoqchi.

Yevropa Komissiyasi raisining aytishicha esa, qochqinlarning birinchi to'xtash nuqtasi bo'lgan Gretsiya, Italiya va Vengriya muammoni yolg'iz ko'tara olmaydi. Yunker Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlarini kelasi haftayoq qochqinlarga doir rejani ma'qullashga undamoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel nazarida Yunkerning rejasi muammo yechimi yo'lida muhim qadam. Yevropaning bosh qadriyatlaridan bo'lgan umubashariy huquqlarni e'zozlamoqchi bo'lsak, qochqinlarga shafqat qilaylik, dedi Merkel.