AQSh Mudofaa vazirligi Rossiyani Liviyaga qurol va yollanma qo’shin yuborayotganlikda ayblamoqda. Xususan Shimoliy Afrikadagi bu mamlakatga qiruvchi samolyot, harbiy transport, havo mudofaasi tizimlari yetkazilgani aytilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Pentagon sun’iy yo’ldosh yordamida suratga tushirilgan tasvirlarni chop etib, Rossiya hukumati “Vagner guruhi” deb ataluvchi xususiy harbiy tashkilot orqali Liviyada hokimiyat uchun jang qilayotgan ikki guruhdan biriga ko’mak berayotganini da’vo qiladi.
“Rossiya Liviyada “Vagner guruhi”ga qurol-yarog’ yetkazib, Liviya manfaatlariga qarshi xizmat qilishda davom etmoqda. Tasvirlar raddiyalarining asossiz ekanini fosh etadi. Liviyaga yetkazilgan qurol turlari va miqdori jangovar va hujumkor salohiyatni ushlab turish maqsadini namoyish etmoqda. Bu Rossiya Mudofaa vazirligi ta’kidlaganidek gumanitar yordam emas”, deyiladi AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo’mondonligi vakili bayonotida.
Iyul boshida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Liviya mojarosi yangi bosqichga o’tganini, xorijiy aralashuv mislsiz darajaga yetganini aytgan.
Turkiya ham Liviyada faol bo’lishga intilmoqda.
“Rossiya va Turkiya munosabatlaridagi raqobat nafaqat Suriyada, balki Liviyada ham o’z aksini topmoqda. Ular har ikki joyda qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlayapti”, - deydi Vashington yaqinidagi Jorj Meyson universiteti professori Mark Kats.
Neftga boy Liviyada hokimiyat uchun ikki guruh kurashmoqda. BMT tomonidan tan olingan va bosh qarorgohi poytaxt Tripolida joylashgan Liviya milliy birlik hukumatini Turkiya, mamlakat sharqida joylashgan, O’rta dengiz bo’yidagi Tobruk shahridan boshqarilayotgan Liviya milliy armiyasini esa Rossiya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr qo’llab-quvvatlamoqda.
Liviya milliy armiyasiga 1970-yillarda Sovet Ittifoqida harbiy tahsil olgan, 1990-yillarda esa AQSh bilan hamkorlik qilib, ma’lum muddat Amerikada yashab, AQSh fuqaroligini olishga ulgurgan Halifa Xaftar qo’mondonlik qilmoqda.
Iyun oyida feldmarshal Haftar qo’shinlari mamlakatdagi yirik neft konlaridan birini hamda neft eksporti terminalini qo’lga olishi ketidan Qo’shma Shtatlar unga sanksiyalar bilan do’q-po’pisa qildi.
Milliy birlik hukumati qo’shinlari Sidra ko’rfazidagi Sirta port shahrini egallasa, Misr Liviyaga qo’shin yuborishini bildirdi.