AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Rossiyaga yangi sanksiyalar qo’ymoqda. Vashington Kremlni mart oyida Britaniyada sobiq rus josusi va qizini o’ldirishga harakat qilganlikda ayblamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-avgust, 2018-yil - AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e'lon qildi

Sanksiyalarning birinchi bosqichi 22-avgust kuni kuchga kiradi, yana uch oydan so’ng esa ikkinchi qismi qo’llaniladi. Sergey Skripal va qizi Solsberi shahrida “Novichok” falaj-asab gazi bilan zaharlangan edi.

Har ikkisi muolajadan so’ng o’ziga kelgan, biroq o’sha voqeadan uch oy o’tib, Britaniyada yana ikki odam ayni gaz bilan zaharlandi. Ulardan biri bir haftaga bormay vafot etdi, ikkinchisi esa tuzaldi.

“Qo’llarimga har xil narsalar toshdi. Tekshiruvlardan so’ng “Novichok”ka chalinganim aniqlandi, shok holatga tushdim”, - deydi Charli Rauli.

Zaharli modda bu ikki odamga qarshi ishlatilmagani, asl nishon boshqa bo’lgani, biroq ular zaharlangan predmetlarga tekkani uchun kasal bo’lib qolgani aytiladi.

Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey voqeani sinchkovlik bilan tergov qilishni buyurdi. Bu qotillikning tagiga yetamiz, dedi u.

Tergovchilarga ko’ra, juftlik zaharlangani taxmin qilinayotgan do’konda o’rnatilgan nazorat kamerasiga ikki odam tushgan. Taxminlarga ko’ra, ular Rossiyadan bo’lishi mumkin, ayni damda kimligi aniqlanmoqda.

Britaniya hujum ortida Rossiya turganini da’vo qiladi, Kreml barcha ayblovlarni inkor etmoqda. London ittifoqchi davlatlarni Moskva harakatlarini qoralashga chaqirdi.

“Rossiya britan tuprog’ida hujumga qo’l urdi, natijada Britaniya fuqarosi nobud bo’ldi. Butun dunyo bu ishga ko’z yumib qarab turmaydi degan umiddaman”, - deydi Britaniya Mudofaa vaziri Gavin Uilyamson.

Mart oyidagi voqeadan so’ng AQSh va Yevropa Ittifoqiga a’zo ayrim davlatlar rossiyalik diplomatlarni haydadi, endi esa Vashington iqtisodiy va moliyaviy jazo choralarini ham qo’llamoqchi. Masalan, Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasiga AQShga yo’lovchi tashish taqiqlanadi, diplomatik aloqalar darajasi tushirilishi mumkin, Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan savdoni butunlay to’xtatadi.

Kreml AQShni dalilsiz jazolashga intilayotganlikda ayblar ekan, Rossiya iqtisodiyoti bunday choralardan zarar ko’rmasligini aytmoqda.