AQSh va Rossiya mahbus ayirboshladi

  • Amerika Ovozi

Amerikalik sobiq mahbus Trevor Rid

Kuni kecha AQSh va Rossiya Turkiyada mahbus ayirboshladi. AQSh tomonidan giyohvand moddalarni tashishda ayblanib, 2011-yilda 20 yilga qamalgan rossiyalik sobiq uchuvchi Konstantin Yaroshenko 12 yildan so’ng vataniga qaytdi. Rossiya esa 2019-yilda Moskvada mast holda politsiyachiga hujumda ayblanib, 9 yilga qamalgan amerikalik sobiq harbiy Trevor Ridni ozod etdi.

Rid aybsiz ekanini aytib keladi. Oq uy matbuot kotibasi Jen Psakining aytishicha, uni ozod etishga qaratilgan muzokaralar bir necha oy davom etgan.

“Prezident Jo Baydenning boshqa mamlakatlarda garovda ushlab turilgan va asossiz qamalgan amerikaliklarni vatanga qaytarish ahdining isboti bu”, - dedi rasmiy.

AQShga kokain olib kirish harakatida ayblangan Yaroshenko ham aybiga iqror bo’lmagan, unga ko’ra u Amerika bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun shu tariqa jazolangan.

Ukrainadagi mojaro bo’yicha kelisha olmayotgan ikki davlatning ushbu masalada kelishgani katta ish, biroq Psakining aytishicha, bu AQShning Ukrainada Rossiyaga nisbatan pozitsiyasiga ta’sir qilmaydi.

Qo’shma Shtatlar 2018-yilda hibsga olinib, josuslik aybi bilan 2020-yilda sudlangan yana bir sobiq amerikalik harbiy Pol Uilan, yaqinda Moskva aeroportida ushlanib, giyohvand modda olib o’tish harakatida ayblanayotgan basketbolchi Britni Graynerni ham ozod etishga urinmoqda.

Vataniga qaytganidan so’ng Rossiya televideniyesiga intervyu bergan Yaroshenko Amerika qamog’idagi sharoitni quyidagicha izohladi:

"Sanitariya talablariga umuman javob bermaydi. Rossiyani inson huquqlari va mahbuslar huquqlarini poymol qilayotganlikda ayblashadi, ammo o’zlarida temir krovatda yotishga majbursiz”, - deydi u.

Liberiyada ushlanib AQShga ekstraditsiya qilingan sobiq mahbus Liberiyada qiynoqqa solinganini, AQSh harbiy bazasida esa kaltaklanganini eslaydi.