Qo’shma Shtatlar Rossiya qamog’ida saqlanayotgan ikki fuqarosini ozod etish maqsadida ularni AQShda 25 yilga qamalgan Rossiya fuqarosi Viktor Butga ayirboshlashni taklif etdi. But noqonuniy qurol savdosini amalga oshirish harakati uchun 2012-yilda qamalgan.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, gap Brittni Grayner va Pol Uilan haqida ketmoqda. Uilan sobiq harbiy bo’lib, Rossiya sudi tomonidan josuslikda aybdor topilgan, 2020-yilda 16 yilga qamalgan. Grayner esa ayollar o’rtasida basketbol yulduzi bo’lib, fevral oyida Moskva aeroportida giyohvand moddalar bilan ushlangan. Shu kunlarda Grayner ustida sud ketmoqda.
"Bir necha hafta oldin ruslarga mahbuslarni ayirboshlash taklifi bilan chiqdik”, - dedi Blinken.
Davlat kotibi yaqin kunlarda shu masalada Rossiya tashqi ishlar vaziri bilan telefonda muloqot qilishga umid bildirdi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ikki mamlakat o’rtasida mahbus ayirboshlash xususida muzokara ketayotganini tasdiqladi.
“Hozircha bu masalada bir kelishuv yo’q”, - dedi u.
Viktor But ham, Pol Uilan ham o’zlariga qo’yilgan ayblovlarni tan olmagan. Ikki karra olimpiya va ikki karra jahon chempioni Grayner esa marixuana uniki ekani tan olgan, biroq hibsga olish paytida unga huquqlari o’qilmaganini aytadi.
Graynerning advokati Mariya Blagovolinaning aytishicha, basketbolchi ayolni ayirboshlashdan oldin yuridik nuqtai nazardan sud avval uning ishi bo’yicha hukm chiqarishi lozim. Aybdor deb topilgan taqdirda Grayner 10 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.
AQSh va Rossiya oldin ham mahbus almashgan. Xususan aprel oyida AQSh kokain tashish harakatida ayblanib, 20 yilga qamalgan rossiyalik uchuvchi Konstantin Yaroshenkoni, Rossiya esa Moskvada politsiyachilarga hujum qilganlikda ayblanib, 2020-yilda 9 yilga qamalgan sobiq harbiy Trevor Ridni ozod etdi.