AQSh maktablarida qurollangan politsiyachilar?

  • Amerika Ovozi
AQShdagi eng kuchli lobbichi tashkilotlardan biri – Qurol uyushmasi har bir maktabda qurollangan politsiyachilarni joylashtirishni taklif etmoqda.

Ommaviy qirg'inlarni shu yo’l bilan to’xtatish mumkin, deydi uyushma vitse-prezidenti Veyn Lapiyer, Konnektikut shtatida ro’y bergan fojiaga ishora qilib. O’tgan hafta Nyutaun shahridagi maktabda 6-7 yoshdagi 20 bola va o’qituvchilar halok bo’lgan edi.

20-yosh Adam Lanza maktabga avtomat va ikki to’pponcha bilan hujum qilgan. So’ngra o’zini ham o’ldirgan.

Qurol uyushmasi Gollivud filmlari va video o’yinlarni zo’ravonlikka yetaklovchi omillar deb biladi. Tashkilot qurollar savdosiga cheklov qo’yilishiga keskin qarshi.

Veyn Lapiyerning Vashingtondagi nutqi namoyishlar bilan qarshi olindi. Fuqarolarning qo’lida “siz bizning bolalarni o’ldiryapsiz” deb yozilgan plakatlarni ko’rish mumkin.

So’nggi otishmaga guvoh bo’lgan Nyutaun shahar ahli maktablarda qurollangan soqchilarni qo’yish haqidagi taklifga qarshi.

“Bolalarning ruhiy salomatligiga ta’siri haqida o’ylaylik. Maktabga borishga qo’rqadigan bo’lib qolishadi, ilm dargohlarida politsiya bo’lishi normaga aylanadi. Bu ahmoqona fikr”, - deydi nyutaunlik Karlon Kromvell.

Hozirda AQShda politsiya tomonidan qo’riqlanadigan maktablar ko’p emas. Shu maqsadda jami 10 ming politsiyachi safarbar etilgan, lekin iqtisodiy tanazzul natijasida ular soni yanada kamayib ketdi.

Prezident Barak Obama katta sig’imdagi avtomatik qurollar savdosini man etishga chaqirib, Kongressga murojaat qildi. Qonun loyihalari ustida ish boshlandi, lekin qurolga egaliklik fundamental huquq deb biladigan aksar respublikachilarga bu ma’qul emas.

“Qurol uyushmasining takliflari sharmandalik. Harbiy turdagi qurol-aslahani qo’lga kiritish oson ekani fojialarga yetaklayapti”, - deydi senator Dayen Faynstayn.