Prezident Barak Obama Mudofaa vazirligi, Markaziy Razvedka Agentligi va Afg'onistondagi qo'mondon hamda elchi o'zgarishini e'lon qildi.
2009 yildan beri xorijdagi maxfiy operatsiyalar uchun mas'ul Leon Panetta iyul oyidan boshlab Pentagonni qo'lga oladi.
Afg'onistonda o'tgan yildan beri xalqaro koalitsiya qo'mondoni general Deyvid Petreus Panettaning o'rnini egallaydi, ya'ni Markaziy Razvedka Agentligining direktori bo'ladi.
Obamaning qayd etishicha, razvedka va mudofaa rahbarlari bo'yniga yanada og'irroq vazifalar yuklanmoqda.
Davlat byudjeti qisqarar ekan, deydi u, ayniqsa Pentagonda katta o'zgarishlar kutilmoqda. Uning byudjetidan 400 milliard dollar qirqiladi.
General Petreusning o'rniga Afg'onistonga general-leytenant Jon Allen yuboriladi. AQSh bu mamlakatdagi qo'shinlarini 2014 yilgacha olib chiqish rejasida qat'iy.
Prezidentning bu muhim lavozimlarga to'g'ri odamlar tanlaganiga ishonchi komil.
"Asosiy maqsad xavfsizligimizni ta'minlash, xorijda bo'ynimizga olgan mas'uliyatni oqilona bajarishdir",- deydi Obama.
Afg'onistonga yangi elchi sifatida Rayan Kroker ko'rsatilmoqda. U Iroqda bosh diplomatlik qilgan.
Jorj Bush davridan buyon Pentagonni boshqarib kelayotgan Robert Geyts, Obama nazarida, Amerika ko'rgan eng uddaburo rahbarlardan biri.
Xolis fikri va bosiqligi bilan tanilgan Geyts bir paytlar Markaziy Razvedka Agentligini yuritgan.
Nomzodlar Senat tasdig'idan o'tishi kerak.