Your browser doesn’t support HTML5
AQShda hukumatning katta qismi yopiq, chunki yangi byudjet qabul qilinmagan. Kongress tez kunda kelishuvga erishmasa, mamlakat moliyaviy majburiyatlarini ham bajara olmaydi va krizis bilan yuzlashadi, deydi iqisodchilar.
Amerikada 17 yildan beri bunaqasi bo’lmagan. Hukumat ishdan to’xtab qolgani, ayrim hisoblarga ko’ra, iqtisodiyotga kuniga 300 million dollar miqdorida ziyon keltirmoqda.
Ammo bundanda dolzarb bir masala yechilmay qolayotir. Oktabr o’rtalariga borib, Kongress “qarz shifti”ni ko’tarishi kerak.
Xalqaro Valyuta Jamg’armasi rahbari Kristin Lagardning ogohlantirishicha, agar Kongress bir qarorga kelmasa, bu nafaqat AQShni, balki butun jahon iqtisodiyotini krizisga yetaklashi mumkin.
Ayni damda qarz chegarasi 16,7 trillion dollar bo’lib, qo’shimcha qarz olish uchun Kongressning ruxsati kerak. Ammo ikki palata ikki partiyaning qo’lida ekan, taraflar tortishgani tortishgan.
Gap Amerika iqtisodiyoti, qolaversa dollarga bo’lgan ishonch haqida ketmoqda. Qonunchilar qarz olishga ruxsat bermasa, AQSh har kungi xarajatlarini qoplay olmaydi. Qimmatbaho qog’ozlar va sarmoya bozorini vahima bosadi, foiz stavkalari ko’tariladi va ishsizlik sur’ati oshadi.
“Defolt – jiddiy narsa”, - deya izohlaydi iqtisodchi Toni Kresenzi. “Buni tezda hal qilish kerakligi hammaga ayon. Lekin respublikachi va demokratlar yechimga yaqin turgani ham yo’q. Vahima oshib borayapti”.
Oq uyda Kongress yetakchilarining prezident Barak Obama bilan uchrashuvi natijasiz yakunlandi. Federal idoralar yopiq, 800 ming odam ishga chiqmayapti.
Hukumat qachon qayta ishga tushadi? Kongress qarz olishga ruxsat beradimi? Bu noma’lum. Sarmoya bozorlari va bizneslar uchun eng yomoni mavhumlik.
Your browser doesn’t support HTML5