AQSh ayollar futbol jamoasi - jahon chempioni

  • Amerika Ovozi

AQShning futbol bo’yicha ayollar milliy jamoasi to’rtinchi bor jahon chempioni unvoniga sazovor bo’ldi. Amerikalik futbolchi qizlar Fransiyaning Lion shahrida o’tgan final o’yinida Yevropa chempioni Niderlandiya jamoasini 2-0 hisobida mag’lub etib, qatorasiga ikkinchi musobaqada chempionlikni qo’lga kiritdi.

Finalgacha AQSh jamoasi Shvetsiya, Ispaniya, Fransiya va Angliya futbolchilarini dog’da qoldirdi. Amerikalik futbolchi Megan Rapino turnirda eng ko’p gol urib, “Oltin butsa” hamda musobaqaning eng yaxshi o’yinchisiga beriladigan “Oltin to’p” sovrinlari sohibasi bo’ldi.

Rapino final o’yinining 61-daqiqasida penaltidan hisobni ochdi. Jamoadoshi Rouz Lavell esa sakkiz daqiqadan so’ng hisobni oshirdi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp terma jamoa a’zolarini Twitter orqali g’alaba bilan qutladi. Bungacha Rapino va Tramp internet orqali tortishgan edi. Amaldagi prezident siyosatidan norozi futbolchi Oq uyga taklif etilsa bormasligini aytgan.

Amerika jamoasi bungacha 1991, 1999 va 2015-yillarda Jahon kubogini qo’lga kiritgan bo’lsa, 1996, 2004, 2008 va 2012-yillardagi Olimpiya o’yinlarida g’olib bo’lgan.

Futbolchi qizlarning olamshumul yutuqlariga qaramay, ayollar futboli AQShda erkaklarnikichalik ommaviylashmagan, maoshlari va sovrin puli nisbatan ancha kam. Ayollar jamoasi teng maosh talabi bilan yaqinda mamlakat futbol federatsiyasini sudga bergan.

Masalan, 2014-yil Jahon chempionatida nimchorak finalida mag’lub bo’lgan erkaklar jamoasiga federatsiya 5,4 million dollar bonus sifatida to’lagan bo’lsa, ayollar 2015-yilgi oltin medallar uchun atigi 1,7 million dollar olgan.