AQShning futbol bo'yicha jahon chempionatidan umidi katta

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Futbol bo’yicha AQSh milliy terma jamoasi 2014-yilgi mavsumni Janubiy Koreya ustidan 2:0 hisobda g’alaba bilan boshladi. Jamoalarning har ikkisi shu yil Braziliyada bo’lib o’tadigan jahon chempionatida ishtirok etadi.

Jamoadoshlariga “Vondo” laqabi bilan taniqli Kris Vondolovski Janubiy Koreya darvozasiga javobsiz ikki to’p yo’llab, muxlislarini xushnud qildi. Jamoa bosh murabbiysi Yurgen Klinsman uni bu yutug’i uchun olqishladi.

“Vondo 2014-yilni ajoyib ikki gol bilan boshladi. Bu juda zo’r ko’rsatkich”, - deydi u.

Klinsmanning aytishicha, Braziliyaning Sao Paulo shahrida o’tgan ikki haftalik yig’in hamda Kaliforniyadagi bir haftalik mashqlar o’z samarasini bermoqda.

AQSh uchun ham, Janubiy Koreya uchun ham xalqaro musobaqada g’alaba qozonish uchun jamoaviy o’yin tashkil qilish juda muhim. Himoyachi Bred Ivans raqobat juda kuchli ekanini aytadi.

“Birgina guruhimizning o’zida Gana, Portugaliya va Germaniya bor. Ular dunyoning eng yaxshi jamoalaridan. Yana mezbon Braziliyaga qarasangiz, ular musobaqa g’olibligiga asosiy da’vogarlardan ekanini ko’rasiz. Ispaniya ham azaldan juda yaxshi jamoa bo’lib kelgan”, - deydi AQSh jamoasi vakili.

Ivansning aytishicha, hozir asosiy e’tibor Ganaga qaratilgan. AQSh 16-iyun kuni Braziliyada ilk bor u bilan yuzlashadi.

Hujumchi Lendon Donovandan aqshliklarning umidi katta.

“Men bunday musobaqalarning uchtasida o’ynadim. Ba’zan qog’ozda oson tuyulgan o’yinlar aslida juda qiyin bo’lib chiqadi yoki aksincha. Chunki dunyoning eng yaxshi 32 jamoasi yig’ilgan”, - deydi Donovan.

Janubiy Koreya 5-mart kuni Afinada Gretsiyaga qarshi o’rtoqlik uchrashuvi o’tkazadi. 17-iyun kuni esa chempionatdagi birinchi o’yinini Rossiya bilan boshlaydi.

Jamoalar mashqlarni davom ettirar ekan, muxlislar allaqachon musobaqaga tayyor. AQSh navbatdagi o’rtoqlik uchrashuvini 5-mart kuni Xarkovda Ukrainaga qarshi o’tkazadi.