AQShdagi saylovlarda g’olib hali ham rasman aniqlanmagan. Demokratlardan nomzod Jo Bayden kecha yana bir necha shtatda muhim ovozlarni qo’lga kiritishi ketidan prezidentlikka imkoniyatlari oshdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Besh shtatda ovozlar hali ham hisoblanmoqda. Bayden birida g’alaba qozonsa kifoya. Tramp saylov shtabi ovozlarni hisoblashdagi qonunbuzarliklarga ishora qilarkan, bir necha shtatdagi vaziyat bo’yicha sudga shikoyat qildi.
AQShda prezident saylovlarining murosasiz kechayotgani jamiyatdagi chuqur bo’linishdan dalolat, deydi ayrim mutaxassislar. Ularga ko’ra, mamlakat bir bo’lgani bilan undagi odamlar ikki voqelikda yashamoqda.
“Bu mamlakatni ortiq tanimayapman. Donald Tramp uni izdan chiqardi”, - deydi Bayden tarafdorlaridan biri.
Tramp tarafdorlari o’zgacha fikrda.
“Tramp iqtisodiyotni yaxshiladi. Nafaqa jamg’armamdagi pul oshdi. Nafaqamdan aksiyalar bozoriga qo’yilayotgan pul yaxshi daromad keltirmoqda”, - deydi ulardan biri.
Mamlakatdagi vaziyatga ikki xil qaraydigan odamlar talaygina.
“Aholi partiyaviy tomondan ham, mafkuraviy tomondan ham bo’lingan. Ijtimoiy va iqtisodiy masalalarda ham hamfikrlik yo’q. Fikrlarimiz, pandemiyaga munosabatimiz bo’lingan”, - deydi Kaliforniya texnologiya institutida siyosatshunos Maykl Alvares.
Demokratlarning saylov kuni so’zsiz g’alabaga umidlari puchga chiqdi. Saylovgacha o’tkazilgan ijtimoiy so’rovlarda Florida shtatida Bayden peshqadam edi, biroq saylov kuni g’alaba Tramp tomonida bo’ldi.
“Pandemiya ommaviy so’rov natijalariga ta’sir qilgan bo’lishi mumkin”, - deydi mutaxassis.
Saylovoldi kampaniyada Bayden Trampning pandemiyaga qarshi siyosatiga katta urg’u berdi, biroq saylov natijasi shuni ko’rsatmoqdaki, demokratlar saylovchilarni Trampni qo'llab-quvvatlashga undagan boshqa masalalar ahamiyatini ko’zdan qochirgan bo'lishi mumkin.
“Tramp tarafdorlari jamiyatda ularga yetarlicha e’tibor qaratilmayotganidan norozi. Tramp mana shu norozilikdan o’z foydasiga foydalanishga muvaffaq bo’ldi. Bu saylovchilarning kayfiyati 2016-yildan beri o’zgargani yo’q. Qarashlari hatto kuchaydi desa ham bo’ladi”, - deydi Alvares.
Bu yilgi saylov AQSh demografiyasi va siyosiy jug’rofiyasidagi o’zgarishlarni ham ko’rsatmoqda.
“Demokratik partiya oldingiday qora tanli saylovchilar ularni so’zsiz qo’llab-quvvatlashiga umid qilmasligi kerak endi. Partiya qora tanlilar yoki latinolar ovozlarini olish uchun mehnat qilishi zarur”, - deydi siyosatshunos.
Yangi saylangan prezident jiddiy muammolar bilan yuzlashadi – pandemiya, iqtisodiy taranglik va bo’lingan mamlakat.