AQSh va Janubiy Koreya kichik ko'lamdagi harbiy mashqlar o'tkazmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreya har bahorda bo’lgani kabi yillik harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda. Koronavirus tufayli amaliyot ko’lami kichikroq bo’lsa-da, qo’shni Shimoliy Koreya har doimgidek bunga g’azab bilan munosabat bildirishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 12-mart, 2021-yil

“Shimoliy Koreyaga kelganda hamisha ogohmiz”, - deydi AQSh qurolli kuchlarining Koreyadagi qo’mondoni general Robert Abrams.

General 11-mart kuni Kongressga mashg’ulotlar kechayotgan bunkerdan murojaat qildi.

“Umumiy qo’shma pozitsiyamiz qudratli bo’lib, dushmanni ushlab turish va unga qarshi jang qilish vazifalarini bajarishga tayyor ekanimizdan faxrlanaman”, - dedi Abrams.

Pxenyan bilan oliy darajadagi muzokaralar paytida taranglikni yumshatish maqsadida AQSh va Janubiy Koreya pandemiyadan oldin ham kichik hajmli mashg’ulotlar o’tkazayotgan edi. Tahlilchi Duyon Kimning aytishicha, AQSh amaliyotni kuchaytirishi kerak bo’ladi.

“Mashg’ulotlar Janubiy Koreyani va bu mamlakatda yashayotgan amerikaliklarni Shimoliy Koreyaning ehtimoliy hujumidan mudofaa qilishga qaratilgan. Agar mashq qilmasangiz, tayyorgarligingiz susayadi. Shundan xavotirdaman”, - deydi “Yangi Amerika xavfsizligi markazi” eksperti.

Shimoliy Koreya muzokaralardan 2019-yilda chiqqanidan beri qachon qaytishi ma’lum emas. Ba’zilar ular harbiy mashg’ulotlarga o’z harbiy qudratini namoyish qilish bilan javob berishidan xavotirda.

“Pxenyan kompyuterda modellashtirilgan ushbu mashg’ulotlarga oldin ham norozilik bildirgan. 2019-yildan beri mashg’ulotlar ko’lami kichraydi, dala mashqlari to’xtatilgan. Shunga qaramasdan, esingizda bo’lsa, Shimoliy Koreya 2019-yilda raketa sinovi bilan javob bergan edi”, - deydi Kim.

Pxenyan hozircha koronavirusga qarshi kurash bilan ovora. Bir yildan beri chegaralar yopiq, savdo to’xtagan. Bu o’rtada Bayden ma’muriyati AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha siyosatini qayta ko’rib chiqmoqda.