Ofatdan jabr ko’rgan aholi qanday ovoz berayapti?

  • Amerika Ovozi
Nyu-York va Nyu-Jersi aholisi o’tgan haftada ro’y bergan kuchli “Sendi” dovulidan qaddini rostlashga urinar ekan, ular bugun qanday ovoz bermoqda? Rasmiylar buning uchun sharoit yaratishga harakat qilayapmiz, deydi.

Nyu-York va Nyu-Jersi fuqarolari faqat o’zi yashaydigan hududda ovoz berishi shart emas. Odamlar e-mail va faksdan foydalanishi mumkin. Lekin milliondan ziyod fuqaro toksiz ekani bois bundan uncha naf yo’qday.

Yonilg’i tanqis, jamoat transport tizimi ishdan chiqqani ham odamlar saylov uchastkasiga yetishini qiyinlashtiradi.

Nyu-Jersida ofatdan chodirlarda jon saqlayotgan fuqarolarga saylov varaqalari va qutilari eltib berildi. Nyu-Yorkda aholi ovoz bersin deb bepul avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yildi.

Xavotir shuki, tabiiy ofat asoratlari bois aholi jarayonda sust qatnashishi, bu esa natijalarga bevosita ta’sir qilishi mumkin.

Shundoq ham muammolarimiz boshimizdan oshib-toshib yotibdi, saylov bilan kimning ishi bor, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan fuqarolardan biri. Dovul natijasida vayron bo’lgan ayrim uchastkalar ko’chirilib, yangi manzilni hamma ham izlab yurishni lozim topmasligi mumkin.

Meteorologlar esa shu hafta Nyu-Yorkni yana bir to’fon titratishi mumkin deya ogohlantirmoqda.

Shahar meri Maykl Blumbergning aytishicha, kuchli shamol va toshqin ehtimoli bor, lekin bu galgisi “Sendi” dovuliday bo’lmaydi.

"Sendi" to'foni Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarining katta qismini vayron qildi



Amerika prezident uchun ovoz bermoqda