Suriyada urush boshlanganiga sakkiz yil to’lmoqda. AQSh quvvatlayotgan guruhlar mintaqada “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi yangi amaliyotlar boshlayapti.
Suriya qo’shinlari “Islomiy davlat”dan qolgan jangarilarni janubi-sharqiy hududlardan haydab chiqarar ekan, AQShning Suriya bo'yicha maxsus elchisi Jeyms Jeffri amaldagi siyosatni tushuntirdi.
“Bizning istagimiz - IShID mag’lub bo’lishi, Suriyada siyosiy jarayon oldinga siljishi, bu jarayonga Suriya xalqi yetakchilik qilishi va BMT bosh-qosh bo’lishi kerak”, - deydi u.
Mojaro 2011-yilda boshlanganidan beri, BMT hisob-kitobiga ko’ra, Suriyada 400 ming odam halok bo’lgan. Besh millionga yaqin ayol, erkak va bolalar mamlakatdan qochgan.
Xalqaro hamjamiyat gumanitar inqirozni yumshatish uchun choralar ko’rdi, biroq ahvol og’irlashib bormoqda. Bunda Assad rejimining o’zi aybdor, deydi kuzatuvchilar.
“AQSh hukumati qochqinlarni qaytmaslikka yoki qo’shni davlatlarni ularning yo’lini to’sishga undagani yo’q. Qochqinlar vataniga qaytishini ularning o’zi hal qiladi. Bu ixtiyoriy qaror bo’lishi kerak. Qochqinlar hozir yashayotgan joyida qiynalib, och qolib, hukumat nazoratidagi hududlarga majburlikdan qaytishiga qarshimiz”, - deydi Jeyms Jeffri.
AQSh askarlari Suriyani qachon tark etishi haqida so’ralganda, AQSh rasmiylari “Islomiy davlat”ning ta’siriga qarshi kurash uzoq davom etishini aytadi.
“Furot daryosi bo’yidagi shaharlarda, Suriya shimoli-sharqida IShID a’zolari hamon kichik guruhlarda, bo’linmalarda faoliyat olib borayapti. Gap faqat mana shu qoldiq jangarilarni qirishda emas. Mahalliy kuchlar oyoqqa turishiga ham ko’maklashish zarur”, - deydi elchi.
Bu orada, kimyoviy qurollar tarqalishi muammosi bilan shug’ullanuvchi Yevropa tashkiloti kelasi yili tekshiruv boshlayapti. Maqsad - Suriyada o’tgan yillar ichida ro’y bergan kimyoviy hujumlar ortida kim turganini aniqlash.