Tramp qo'shinlarni Suriyadan olib chiqmoqchi, qonunchilar va kurdlar norozi

  • Amerika Ovozi

Oq uy Suriya shimolidan AQSh qo’shinlari chiqarilishi haqida e’lon qildi. Saylov kampaniyasi paytida Donald Tramp Amerikaning xorijdagi urushlariga qarshi chiqib, askarlarni vatanga qaytaraman deb va’da bergan edi. Biroq qonunchilar prezidentning bu qarorini tanqid qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 8-oktabr, 2019-yil

Turkiya Suriya shimoliga qo’shin kiritishi haqida e’lon qilishi ketidan Tramp hududni amerikalik harbiylar tark etishini bildirdi.

“Suriyada ko’p yil bo’ldik. Qisqa muddatli missiya bo’lishi kerak edi. O’ta qisqa”, - dedi Tramp.

AQShga “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashda yordam bergan kurdlar o’zini aldangan deb his qilmoqda.

“Qo’shma Shtatlar yana bir bor bizni sotdi”, - deydi Tal-Abyad shahrida yashovchi kurdlardan biri.

Bu xalq vakillari turk qo’shinlari nishoniga aylanishdan xavotirda. AQSh ularni himoya qilishga kafolat berganidan so’ng kurd harbiy qismlari shimolda istehkomlarini olib tashladi.

Kongressdagi demokrat va respublikachi qonunchilar Tramp qaroriga qarshi chiqmoqda.

Uning partiyadoshi, senator Lindsi Grem kurdlarni o’z holiga tashlab, AQSh ishonchsiz ittifoqchi degan nom qozonamiz, deydi.

“Janob Trampda g’alabani saqlab qolish uchun na sabr bor va na diqqat. Yaqin Sharqda qiyinchiliklar bilan erishilgan yutuqlarni saqlab qolishni bilmaymiz”, - deydi Vashingtondagi Brukings instituti tahlil markazidan Maykl Oxanlon.

Ba’zilar Tramp qo’shinlarni chiqarish qarori bilan Turkiyaning Suriya shimolidagi amaliyotini qo’llab-quvvatlamoqda desa, Pentagon bunday emas deya bayonot berdi.

Tramp Turkiya o’z harakatlarida chegaradan chiqsa, uni sanksiyalar bilan jazolashini aytdi.

“Tahdidlar bilan ishni bitirib bo’lmaydi. Suriyada Turkiya bilan kelishmovchiliklarni hamkorlikda hal qilish juda muhim”, - dedi Oxanlon.

AQSh Mudofaa vazirligining xavotiri shuki, “Islomiy davlat” AQSh, Turkiya va kurdlar o‘rtasidagi norozilikdan foydalanib, o’zini tiklab olishi mumkin.