Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara yakunida Suriyadagi harbiy amaliyotning tugatilishi haqida ma'lum qilishi ketidan AQSh rahbari Donald Tramp Turkiyaga ushbu amaliyot sabab qo'yilgan sanksiyalarni bekor qildi.
"Anqara Suriya shimoli-sharqida kurdlarga qarshi hujum to'xtab, sulh doimiy ekanini e'lon qildi. Bizga yoqmaydigan biror narsa bo'lmaguncha bekor qilingan sanksiyalar jonlanmaydi", - dedi Tramp.
Anqara AQShdan kurdlar Suriyaning shimoliy chegara hududlarini tark etgani haqida xabar olganidan so'ng amaliyotni bundan keyin davom ettirishga ehtiyoj yo'q deb aytgan. .
Bu o'rtada AQSh Senati Tashqi aloqalar qo’mitasida tinglov o'tkazildi. Unda qatnashgan AQShning Suriya bo’yicha maxsus vakili Jeyms Jeffrining aytishicha, Turkiya Suriya shimolida AQSh harbiylarining borligiga qaramay, kurdlarga qarshi hujum boshlash rejasida qat’iy bo'lgan.
Suriyada Amerikaning oz sonli harbiylari qolib, kurdlar yetakchiligidagi Suriya demokratik kuchlariga va kurdlar ma’muriyatiga Turkiya bilan sulhga erishishda ko’maklashmoqda, dedi u.
Sochida Turkiya va Rossiya prezidentlari uchrashib, Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini tugatishga kelishgan. Ikki davlat Suriya chegara zonasini birgalikda nazorat qilishga kelishib oldi.
“Terrorchilar chegaradan o’tmasligi uchun ikki mamlakat chora ko’radi, shartnoma ijrosining nazorati ham qo’shma mexanizm orqali amalga oshiriladi”, - dedi Erdog’an.
Nyu-Jersi shtatidan saylangan senator Bob Menendes NATOdagi itfifoqchi davlatning Rossiya bilan kelishuvini qoraladi.
“Oldin shubhalangan bo’lsak ham endi Erdog’anning asl maqsadi nima ekani ayon bo’ldi: mintaqaviy barqarorlik, “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurash, AQSh va boshqa NATO a’zolari bilan hamkorlik hisobiga Suriya shimoli-sharqida etnik tozalashni amalga oshirish”, - dedi qonunchi.
Senat Tashqi aloqalar qo’mitasining boshqa a’zolari Prezident Donald Trampni suriyalik kurdlarni tashlab, Turkiya hujumi nishoniga aylantirganlikda aybladi. Elchi Jeffrining aytishicha, Turkiya AQSh ogohlantirishlariga qaramay, Suriyaga qo’shin kiritish ahdida qat’iy edi.
“Turkiya hujum qilsa, nima bo’lishi haqida ogohlantirdik. Ular ko’p narsaga erisholmasdilar, shunday bo’ldi ham. Ko’rib turganingizdek, biz va Rossiya bilan sulhga kelishishdi. Aynan shunday bo’ladi deb aytganmiz ularga. Buning uchun Suriya shimoli-sharqini to’zitish shart emas edi”, - deydi maxsus vakil.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Turkiya amaliyoti natijasida 176 mingdan ziyod odam uylarini tashlab chiqishga majbur bo’ldi, zarur infratuzilma zarar ko’rdi. Trampning respublikachi partiyadoshlari Oq uyni AQSh qo’shinlari chiqarilganidan keyin ko’rilgan zararni yumshatishga chaqirdi.
Biroq senator Rend Pol Vakillar palatasida Trampning Suriyadagi strategiyasiga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyaning Senatda ovozga qo’yilishiga ikkinchi bor to’sqinlik qildi. Rezolyutsiyani zaif deb hisoblagan respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel hujjatning yangicha ko’rinishini taklif etdi.
Qo’shinlarimiz faqat Suriya sharqi bilan cheklanmasligi kerak. Sobiq Prezident Obama Iroqda qo’shinlar sonini kamaytirgani kabi Afg’onistonda ham shuni rejalayotganimiz noto’g’ri. Obamaning xatosi tufayli mintaqada Daish kuchaydi”, - dedi senator.
Tramp ma’muriyatiga ko’ra, Suriyada qolgan oz sonli AQSh askarlarining vazifasi neft konlarining “Islomiy davlat” va boshqa terrorchi to’dalar qo’liga tushib qolishining oldini olishdan iborat.