Amerika piyoda askarlari Suriyadagi janglarda qatnashmaydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama o'tgan hafta Suriyaga chamasi 50 nafar maxsus harbiyni yuborish qarorini e'lon qilgan edi. Ular faqat maslahat, mashqlar o'tkazish bilan shug'ullanadi. (Suratda AQShning maxsus kuchlari Afg'onistondagi qutqaruv missiyasida qatnashmoqda. Qandahor, 4-avgust, 2010-yil.)

Oq uyning bildirishicha, Qo'shma Shtatlarning Suriyaga safarbar qilingan maxsus qo'shinlari reydlar yoki janglarda qatnashmaydi.

Ularni Suriyadagi janglarda ko'rmaysiz, deydi Oq uyning xavfsizlik bo'yicha mutasaddisi Ben Rouds.

Bu kuchlar "Islomiy davlat" nomli qonxo'r to'da bilan olishayotgan koalitsiyaning ishini yaxshilashga, maslahat va mashqdan o'tkazishga xizmat qiladi, deydi rasmiy.

Prezident Barak Obama o'tgan hafta Suriyaga chamasi 50 nafar maxsus harbiyni yuborish qarorini e'lon qilgan edi. Ularning vazifasi mahalliy isyonchi kuchlar va Amerika boshchiligidagi koalitsiyaga yordam berishdan iborat, degan edi prezident.

Bu harbiylar kelasi bir necha haftada manzilga yetib, Suriyada ikki oy qolishi kutilmoqda. Amerika jang maydonining o'zida muxolifat bilan ko'rishishi va dalda berishi, ahvolni o'z ko'zi bilan ko'rishi muhim, deydi mudofaa rasmiylari.

"Islomiy davlat" nomli jangari guruhi Iroq va Suriyada xunrezliklar sodir etib, katta hududlarni egallar ekan, Obama ma'muriyati mintaqada harbiy choralarni oshirishi, Suriyadagi isyonchi kuchlarga madad berishi kerak, degan da'vatlar kuchaygan. Bir paytning o'zida Rossiya va Eron Suriya rahbariyatiga isyonchilarga qarshi kurashda yordamni oshirmoqda.