Suriyada zo'ravonlikni tugatishga doir xalqaro reja ma'qullandi

  • Amerika Ovozi

Amerika, Rossiya va yana o'ndan oshiq mamlakatni o'z ichiga olgan xalqaro guruh Myunxenda muzokara qilib, zo'ravonliklarni tugatish kerak deya xulosa qildi. 

Jahon yetakchilari Suriyada qon to'kilishlarini tugatishga chaqiruvchi rejani bir ovozdan ma'qulladi. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat insonparvarlik yordamini oshirishga kelishdi.

Reja bir haftada kuchga kirishi kerak. Lekin tomonlar hali sulhga erisha olganicha yo'q. Suriya muxolifatining Rossiya isyonchilar manzillarini havodan urishni bas qilsin, degan talabi ham javobsiz qoldi.

Amerika, Rossiya va yana o'ndan oshiq mamlakatni o'z ichiga olgan xalqaro guruh Myunxenda muzokara qilib, zo'ravonliklarni tugatish kerak deya xulosa qildi.

"Olamshumul rejalar. Lekin ularning ijrosi uchun astoydil harakat qilishga shaymiz", - dedi Amerika Davlat kotibi Jon Kerri.

Rossiya diplomati va BMT elchsi bilan matbuot anjumani o'tkazgan Kerri otishmani to'xtatishga erishishning iloji bo'lmaganini tan oldi. Bundan tashqari, zo'ravonliklarni tugatish rejasi terrorchi tashkilotlar faol manzillarga taalluqli emas. Rossiya, ayniqsa, Halab atrofi terrorchilar ini ekanini ta'kidlaydi.

"Halab g'arbi hanuz Jabhat al-Nusra, Jaysh al-Islom va Ahror al-Islom kabi guruhlar nazoratida", - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Xalqaro hamjamiyat Suriyaning eng ko'p aziyat chekkan hududlariga gumanitar yordamni oshirishga ham qaror qildi.

Suriya armiyasi Rossiya yordamida Halab tevaragini bombardimon qilar ekan, o'n minglab odamlar Turkiya tomon qochayapti. Gumanitar yordam bilan cheklanish to'g'ri emas, deydi ba'zilar.